add

Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari ozodlikdan mahrum qilindi

Kecha 09:255072 Daqiqa

Sud unga 3 yil-u 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, shu bilan birga davlat hokimiyati tizimida ishlash huquqidan 2 yildan ortiq vaqtga mahrum etish jazosini tayinladi.

Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari ozodlikdan mahrum qilindi

Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U bog‘chaga ishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarodan o‘z xizmat xonasida 500 dollar olgan.

Sud hujjatiga ko‘ra, 2025 yil 5-fevral kuni Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari Asqarali Qurbonov o‘z xizmat xonasida fuqaro S. D.dan G.S. vositachiligida 500 dollar olgan. U ushbu pul evaziga Dadaxonovani maktabgacha ta’lim muassasasiga mudir lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yishini va’da qilgan.

A.Qurbonov sudda aybiga qisman iqror bo‘lgan va pulni qarz sifatida olganini, keyinchalik bu pulni oila a’zolari orqali qaytarib berganini bildirgan. Sud tergov materiallari, audioyozuvlar va guvohlar ko‘rsatuvlariga asoslanib, mazkur pul qarz emas, balki pora sifatida berilgan deb topgan.

S.D. va G.S. sudda tergovdagi ko‘rsatmasini o‘zgartirib, pulni hokim o‘rinbosariga qarz sifatida berishganini, A.Qurbonov ishi bo‘yicha ulardan noqonuniy ravishda ariza, ko‘rsatuvlar olishganini, tergov organiga bergan ko‘rsatuvlarini hozirda rad qilishlarini bildirishgan. Biroq sud ularning sudda bergan ko‘rsatuvlarini javobgarlikdan qutulish uchun bildirilgan vajlar deya baholagan.

Shuningdek, sud A.Qurbonovning boshqa holatlarda ham mansab vakolatlarini suiiste’mol qilganini qayd etdi. Jumladan, u Kasbiy ko‘nikmalar markazi rahbaridan tanishini maktabga ishga kiritishni va’da qilib, uning nomidan umumiy ovqatlanish markazidagi qarzini to‘lashga noqonuniy topshiriq bergani ko‘rsatib o‘tildi. Shu bilan birga, IT yo‘nalishidagi o‘quv markaziga ruxsat xulosasini olib berish orqali manfaat talab qilingani ham qayd etildi.

Sud ayrim ayblov epizodlarini yetarli dalillar mavjud bo‘lmagani uchun chiqarib tashlagan bo‘lsa-da, asosiy jinoyatlar to‘liq isbotlangan deb topildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Sariosiyo tuman sudining hukmi bilan A.Q. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28-, 211-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil 1 oy davlat hokimiyati tizimida mansabdor va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 3 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Hokim o‘rinbosarining yaqin qarindoshlaridan qaytarib olingan 500 dollar pulni S.D.dan davlat daromadiga undirish belgilangan.

Teglar

Mavzuga oid

Sariosiyo tumani hokimi o‘rinbosari ozodlikdan mahrum qilindi | Vaqt.uz