
Sarmoyadorlar AQSHdan ko‘ra Yevropa bozorini afzal ko‘rmoqda
30.06.2025 | 15:003744
2025 yilda AQSHda savdo urushlari va siyosiy noaniqliklar kuchaygan bir paytda Yevropa sarmoyadorlar uchun barqaror bozor sifatida muhim maqomga chiqdi. Investorlar AQSHdan mablag‘larini chiqarib, Yevropaga yo‘naltirmoqda.

2025 yilda Donald Tramp boshchiligidagi AQSHdagi savdo urushlari va keskin tarif tahdidlari ortidan sarmoyadorlar tobora Yevropaga e’tibor qaratmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, investorlar Yevropa bozorlariga hozirda yanada ishonch bilan qaramoqda.
Lyuksemburgda joylashgan H2Apex kompaniyasi rahbari Peter Ryossnerning ta’kidlashicha, AQSHdagi tariflar xavfi tufayli ular Amerika yetkazib beruvchilardan voz kechishga majbur bo‘lgan. «Investorlar endilikda Yevropa bozoriga ko‘proq qiziqmoqda. Bu yerda sharoit ideal emas, lekin barqaror», dedi u.
Oxirgi oylarda Yevropa investitsiyalar uchun markazga aylanmoqda. Bunga AQSHda Donald Trampning notinch va o‘zgaruvchan tarif siyosatlari asosiy sabab bo‘lmoqda. Investorlar har qanday paytda yangi davlat aralashuvi bo‘lishi mumkinligidan xavotirda.
LSEG ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda Yevropa aksiya fondlariga 100 milliard dollardan ortiq mablag‘ kiritilgan, AQSHdan esa qariyb 87 milliard dollar mablag‘ chiqarib ketilgan. AQSH aksiya fondlaridan 12 oyning 7 oyida mablag‘lar olib chiqilgan.
Yevropa Markaziy banki prezidenti Kristin Lagard bu tendensiyani sarmoyadorlarning Yevropaga ishonchi kuchaygani sifatida baholadi. Holcim kompaniyasining Yevropa bozoriga yo‘nalgan aksiyalari 15 foizga qimmatlashgani ham shunday muhit yaratib berdi.
Siemens Energy moliya direktori Mariya Ferraro ham AQSHda sarmoyadorlar kayfiyati o‘zgarganini ta’kidladi. Germaniyada esa xorijiy to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar joriy yilning ilk to‘rt oyida 46 milliard yevroni tashkil etgan va bu 2022 yildan buyon eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Shu bilan birga, Germaniya kompaniyalari yil boshidan buyon AQSHdagi investitsiyalarni qisqartirmoqda. Biroq mutaxassislar Yevropa bu imkoniyatdan unumli foydalanishi va investitsiya muhitini yanada yaxshilashi lozimligini ta’kidlamoqda.
KfW rahbari Stefan Vintels va Altor fondi hamkorlari bu imkoniyat abadiy emasligini, Yevropa shoshilish kerakligini qayd etishgan. Deutsche Bank rahbari Kristian Seving ham Yevropa va Germaniyaga qiziqish katta ekanini, lekin uzoq muddatli barqarorlik muhimligini eslatdi.





