
Saudiya Arabistoni 2026 yildan chet elliklarga ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat beradi
2026 yildan boshlab Riyod, Makka, Madina va Jiddada xorijliklarga ko‘chmas mulk sotib olishga ruxsat berish va shu orqali investitsiyalar oqimini kuchaytirish maqsad qilinmoqda.

Saudiya Arabistoni hukumati 2026 yildan chet el fuqarolariga mamlakatning bir qator yirik shaharlaridan ko‘chmas mulk xarid qilish imkonini ochishi kutilmoqda. «Bloomberg»ning xabar berishicha, tegishli o‘zgartirishlar ko‘chmas mulk to‘g‘risidagi qonunga kiritilib, yangi tartib yanvar oyida kuchga kirishi rejalashtirilgan. Bu qaror «Vision 2030» strategiyasi doirasida iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va investitsiyalarni jalb etish maqsadlariga qaratilgan.
Yangi qonunchilikka ko‘ra, xorijliklar Ar-Riyod, Makka, Madina va Jidda shaharlarida uy-joy, tijorat va sanoat ob’ektlari, shuningdek, qishloq xo‘jaligi yerlari va qurilish uchun uchastkalarni xarid qilish huquqiga ega bo‘ladi. Hududlarda chet elliklar egalik qilishi mumkin bo‘lgan ulush miqdori 70 foizdan 90 foizgacha oshiriladi. Bu esa mahalliy bozorda ishtirok etish imkoniyatlarini anchagina kengaytiradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Makka va Madinada mulk xarid qilish faqat musulmon xaridorlar uchun amal qiladi. Biroq ular bu yo‘nalishda boshqa jiddiy cheklovlarga duch kelmaydi. Ko‘chmas mulk umumiy boshqarmasi mas’ullari bu talab shaharlarning diniy maqomi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlashmoqda.
Qayd etilishicha, zonalarning aniq ro‘yxati farmon to‘liq tasdiqlangandan keyin e’lon qilinadi.





