add

Saudiya Arabistoni va Trampning kuyovi Electronic Arts’ni 55 milliard dollarga sotib oldi. Ar-Riyod nima sababdan o‘yin bozorini qo‘lga kiritmoqchi?

01.10.2025 | 20:0019804

Muttaxassislar ta’kidlashicha, bu tarixda qarz mablag‘lari orqali amalga oshirilgan eng yirik korporativ xarid hisoblanadi.

Saudiya Arabistoni va Trampning kuyovi Electronic Arts’ni 55 milliard dollarga sotib oldi. Ar-Riyod nima sababdan o‘yin bozorini qo‘lga kiritmoqchi?
Dunyodagi eng yirik o‘yin ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri — Electronic Arts 55 milliard dollarga Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi, Silver Lake va Jared Kushnerga tegishli Affinity Partners ishtirokidagi konsorsiumga sotildi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, Electronic Arts (EA) kompaniyasi butun dunyoda mashhur o‘yin ishlab chiqaruvchi va nashr etuvchi hisoblanadi. Kompaniya EA FC (ilgari FIFA), The Sims va Mass Effect kabi millionlab muxlislarga ega o‘yinlari bilan tanilgan. Yangi kelishuvdan keyin EA xususiy kompaniyaga aylanadi va uning aksiyalari birja savdosidan olib tashlanadi. Kelishuv qiymati 55 milliard dollar bo‘lib, bu EA’ning bozor bahosidan taxminan 25 foizga yuqori. Bir aksiya uchun 210 dollar narx belgilangan. Muttaxassislar ta’kidlashicha, bu tarixda qarz mablag‘lari orqali amalga oshirilgan eng yirik korporativ xarid hisoblanadi. Xarid Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamg‘armasi (PIF), Amerikaning Silver Lake fondi va Affinity Partners tomonidan amalga oshirildi. Affinity Partners kompaniyasi AQSH prezidenti Donald Trampning kuyovi Jared Kushner tomonidan boshqariladi. New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, Saudiya oxirgi yillarda global o‘yin bozorida ta’sirini kuchaytirishni strategik maqsad qilib olgan. 2021 yilda PIF «Savvy Games Group»ni tashkil etgan va o‘yin industriyasiga 38 milliard dollarlik investitsiya dasturini yo‘lga qo‘ygan. Bu harakat mamlakatning «Vision 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Strategiyaning asosiy maqsadi — iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va neftga bog‘liqlikni kamaytirish. Biroq Saudiyaning bunday investitsiyalari xalqaro tashkilotlar tomonidan tanqidga uchragan. Human Rights Watch mamlakatni «sportvoshing»da ayblab, sport va madaniy tadbirlar orqali xalqaro imijini yaxshilashga urinayotganini ta’kidladi.  

Teglar

Mavzuga oid