
Saudiya Arabistonida ilk marta shifokorsiz klinika ish boshladi
19.05.2025 | 10:4513802
Saudiya Arabistonida sun’iy intellekt asosida ishlaydigan dunyodagi ilk shifokorsiz klinika ochildi. Buni Xitoyning Synyi AI kompaniyasi amalga oshirdi.

Bemorlarni Dr. Hua nomli sun’iy intellekt shifokori qabul qiladi. U planshet orqali bemorning shikoyatlarini yig‘adi, ko‘rsatkichlarini tahlil qiladi va davolash rejasini tayyorlaydi. Ta’minlangan davolash rejasi keyin inson shifokori tomonidan tekshiriladi, zarur hollarda u aralasha oladi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu sun’iy intellektni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolash jarayoniga jalb qilishdagi muhim qadam hisoblanadi. Ilk sinovlarda Dr. Hua tomonidan yo‘l qo‘yilgan xato darajasi 0,3 foizdan kam bo‘lgan.
Ayni paytda intellektual shifokor 30 ta nafas yo‘llari kasalliklarini aniqlash va davolashga ixtisoslashgan. Kelgusida tashxis turlari soni 50 tagacha kengaytirilishi va yangi klinikalar ochilishi rejalashtirilgan.
bugungi kungacha o‘nlab bemorlar bepul xizmatdan foydalanishdi. To‘liq sinovlar yakunlanganidan so‘ng, natijalar Saudiya Arabistoni hukumatiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi. Rasmiy ruxsatnoma 18 oy ichida berilgani mumkin.





