add

Saudiyada badavlat chet elliklarga spirtli ichimlik sotishga ruxsat berildi

Kecha 21:381772 daqiqa

Avvalroq, mamlakatda ayollar uchun avtomobil haydashga qo‘yilgan taqiq bekor qilingan va ommaviy ko‘ngilochar tadbirlar qonuniylashtirilgan edi.

Saudiyada badavlat chet elliklarga spirtli ichimlik sotishga ruxsat berildi

Saudiya Arabistoni spirtli ichimliklar savdosiga qo‘yilgan cheklovlarni yanada yumshatdi — endi musulmon bo‘lmagan xorijlik rezidentlar oylik daromadi 50 ming riyol (13,300 dollar) yoki undan yuqori bo‘lsa, spirtli ichimlik sotib olishlari mumkin. Bu haqda Bloomberg mazkur masaladan xabardor manbalarga tayanib, xabar bermoqda.

Manbalarning aytishicha, mamlakatdagi yagona spirtli ichimliklar do‘koniga kirish uchun rezidentlar o‘z daromadini tasdiqlovchi maosh to‘g‘risidagi hujjat ko‘rsatishi kerak. Mazkur do‘kon o‘tgan yili xorijiy diplomatlar uchun ochilgan edi, yaqinda esa musulmon bo‘lmagan «premium rezidensiya» egalari uchun ham kirish ruxsati kengaytirildi. Bu o‘zgarishlar bo‘yicha hech qanday rasmiy bayonot berilmagan, hukumat esa dushanba kuni izoh berish haqidagi so‘rovga darhol javob qaytarmadi.

Manbalarning aytishicha, Riyozdagi do‘konda xaridorlar oy davomida ball tizimi asosida belgilangan limit bo‘yicha xarid qilishi mumkin. Bloomberg avvalroq mamlakatning yana ikki shahrida yangi spirtli ichimliklar do‘konlari qurilayotgani haqida xabar bergan edi.

Spirtli ichimliklarga doir qoidalar asta-sekin yumshatilishi Saudiya Arabistonining ijtimoiy cheklovlarni kamaytirish va Riyozni biznes hamda investitsiyalar uchun raqobatbardosh markazga aylantirishga qaratilgan kengroq islohotlari bilan uyg‘un. Mamlakat xorijiy mutaxassislar va kapitalni jalb etishni iqtisodiy transformatsiyaning muhim qismi deb biladi.

So‘nggi yillarda Saudiya Arabistoni ayollarga mashina haydash taqiqini bekor qildi, ommaviy ko‘ngilochar tadbirlarga ruxsat berdi, musiqa, genderlar aralashuvi va turizmni rag‘batlantirdi. O‘zgarishlar sur’ati podshohlikni — Islom dini beshigi va ikki muqaddas maskan joylashgan hududni — zamonaviylashtirish naqadar nozik jarayon ekanini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mavzuga oid