
Savdo va moliyaviy beqarorlik ortidan dollar beshinchi oy ketma-ket tushish arafasida
30.05.2025 | 14:0032572
AQSH dollari ushbu oyni ham pasayish bilan yakunlash arafasida. Investorlar savdo mojarolari va moliyaviy barqarorlik masalalari ortidan dollarni sotib yuborishmoqda.

30 may kuni Reuters xabar qilishicha, AQSH dollari beshinchi oy ketma-ket pasayish arafasida turibdi. Bunga asosiy sabab sifatida savdo siyosatidagi beqarorlik, Donald Tramp tomonidan joriy qilingan tariflar yuzasidan sud qarorlari va AQSH iqtisodiyotidagi noaniqliklar keltirilmoqda.
Kapital bozorlari tahlilchisi Kayl Roddaning ta’kidlashicha, "bu qaror yangi noaniqlik manbaiga aylanmoqda". Shu sababli investorlar AQSH aktivlaridan voz kechib, alternativ bozorlarga qaramoqda.
Dollar indeksi oy davomida 0,4% pasayishi kutilmoqda. Bu uning beshinchi ketma-ket tushish oyi bo‘ladi. Yevro $1.1378 darajasida mustahkamlandi, Shveysariya franki ham kuchayib, 0.8216 dollarga tenglashdi. AQSH valyutasi frank, yevro va funtga nisbatan oylik yo‘qotishga duch kelmoqda.
Shu bilan birga, rivojlanayotgan bozorlar valyutalari indeksi oy davomida 2,2% o‘sdi — bu 2023 yil noyabridan beri eng katta o‘sish hisoblanadi.
Investorlar shuningdek, Tramp tomonidan belgilangan 9 iyul tariflar muddati oldidan yangi savdo kelishuvlari haqidagi xabarlarga ham e’tibor qaratishmoqda.





