
«Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi: oqova suvlar masalasi qanday hal etiladi?
03.08.2025 | 23:0028398
Barcha oqova suvlar Chirchiq shahridagi maxsus tozalash inshootiga yo‘naltiriladi. Bu «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilanadi. Bunda ushbu talabga rioya etmaslik loyihani to‘xtatishga va yerga bo‘lgan ijraga huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi.

Vazirlar Mahkamasining «Sea Breeze Uzbekistan» umummavsumiy kurort majmuasini barpo etish bo‘yicha yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish chora tadbirlari to‘g‘risidagi qarori e’lon qilindi. 5 mlrd AQSH dollari qiymatiga teng mazkur loyiha nafaqat iqtisodiy foyda, balki huquqiy va ekologik mas’uliyatni ham o‘z ichiga olgan kompleks yondashuv bilan amalga oshirilmoqda.
Hukumatning rasmiy qarorida qayd etilishicha, «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJ tomonidan amalga oshiriladigan kurort majmuasi umumiy 577 gektar maydonda quriladi. Loyiha turistik infratuzilmani takomillashtirish, xalqaro standartlarga mos zamonaviy dam olish maskanini yaratish, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va minglab yangi ish o‘rinlari tashkil etishni maqsad qiladi. Barqaror ekologik nazorat Bu kabi keng ko‘lamli qurilish faqat iqtisodiy manfaatlar emas, balki strategik rejalashtirish va ekologik me’yorlarga qat’iy rioya etilgan holda amalga oshirilishi lozim. Shu bois, Vazirlar Mahkamasi va tegishli idoralar tomonidan loyihaga oid barcha yechimlar davlat organlari bilan kelishilishi shart etib belgilandi. Shu bilan birga, kurort hududida iste’molchilarga ko‘rsatiladigan kommunal xizmatlar tariflari ham hukumat bilan muvofiqlashtiriladi. Kompaniya o‘z faoliyatida barqaror qurilish va ekologik xavfsizlik talablariga amal qilgan holda, xorijiy amaliyot va texnologiyalardan foydalanishni rejalashtirgan. Loyihani amalga oshirish jarayonida har bir qaror, texnik yechim va qurilish harakati davlat nazoratida bo‘ladi. Xususiy mulk va huquqiy himoya Loyiha hududida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan mulk ob’ektlari, jumladan, dala hovlilar ham mavjud. Shu bois, «Sea Breeze» loyihasi doirasida xususiy mulkka doir barcha masalalar amaldagi qonunchilikka qat’iy rioya qilgan holda hal etiladi. Qurilish ishlariga tayyorgarlik jarayonida kompensatsiya va rasmiylashtirish tartib-taomillari to‘liq shaffoflik asosida olib boriladi. Barcha protsesslar — qurilish maydonidagi mulkdorlar manfaatlarini inobatga olgan holda tashkil etiladi. Davlat, loyiha va aholi o‘rtasida huquqiy muvozanat saqlanishi, uzoq muddatli ijtimoiy rozilikka erishish muhim omil sifatida belgilangan. Tabiat muhofazasi va oqova suvlar «Sea Breeze» loyihasi muhandislik va arxitektura yechimlarida ekologik barqarorlikka ustuvor ahamiyat qaratadi. Majmua hududidagi yashil maydonlar, daraxtlar va tabiiy landshaft elementlari ehtiyotkorlik bilan muhofaza qilinadi. Daraxtlarni kesish emas, balki imkoni boricha ularni ko‘chirish va ular o‘rnini ko‘paytirilgan miqdorda yangi ko‘chatlar bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Dam olish maskani Chorvoq suv omboriga tutash hududda joylashgani sababli, suv resurslarini muhofaza qilish masalasi markaziy o‘rinda turibdi. Qarorga ko‘ra, loyiha amalga oshirilayotgan davrda ham, keyinchalik faoliyat yuritilayotgan paytda ham hech qanday oqova suvlar Chorvoq yoki Chirchiq daryosiga tashlanmasligi shart. Barcha oqova suvlar Chirchiq shahridagi maxsus tozalash inshootiga yo‘naltiriladi. Bu «Sea Breeze Uzbekistan» MCHJning asosiy majburiyatlaridan biri etib belgilanadi. Bunda ushbu talabga rioya etmaslik loyihani to‘xtatishga va yerga bo‘lgan ijraga huquqining bekor qilinishiga asos bo‘ladi. Shuningdek, kurort hududida atrof-muhit holati ustidan davlat organlari tomonidan doimiy monitoring va nazorat yo‘lga qo‘yiladi. Muhandislik tizimlari — tozalash, suv chiqarish, chiqindilarni ajratish — barchasi ekologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Davlat nazorati va huquqiy shaffoflik «Sea Breeze Uzbekistan» loyihasi bo‘yicha amalga oshiriladigan har bir qadam — bosh rejadan tortib, qurilishga ruxsat, ob’ektlarni foydalanishga topshirishgacha — Vazirlar Mahkamasi va Respublika Bosh prokuraturasi nazoratida bo‘ladi. Bosh prokuratura shaharsozlik va ekologik normalarga to‘liq rioya etilishini alohida nazoratga oladi. Bu davlat manfaatlari, tabiat va fuqarolar huquqlari birdek himoya qilinishini kafolatlaydi. Shuningdek, loyiha hududini rivojlantirish faqat majmua qurilishi bilan cheklanmasdan, unga tutash hududlarni ham obodonlashtirish, muhandislik va ijtimoiy infratuzilmani yaxshilashni nazarda tutadi. Bu nafaqat turistlar, balki mahalliy aholi uchun ham barqaror yashash muhitini ta’minlashga xizmat qiladi.




