
«Sea Breeze Uzbekistan» qo‘shma korxonasi rasman ro‘yxatdan o‘tdi
05.08.2025 | 11:3033625
Chorvoqda 577 gektar maydonda kurort qurish bo‘yicha tender g‘olibi deb topilgan «Sea Breeze Uzbekistan» 4 avgust kuni O‘zbekistonda qo‘shma korxona sifatida ro‘yxatdan o‘tdi. Loyiha Agalarov Development va Ulug‘bek Mahmudov hamkorligida amalga oshiriladi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Chorvoq suv ombori hududida yirik kurort qurishni rejalashtirayotgan «Sea Breeze Uzbekistan» kompaniyasi O‘zbekistonda qo‘shma korxona sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tdi. Davlat reyestri ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya 4 avgust kuni ro‘yxatga olingan bo‘lib, asosiy faoliyati turar joy bo‘lmagan binolar qurish hisoblanadi.
Loyiha ta’sischilari — Ozarboyjonning Agalarov Development kompaniyasi va tadbirkor Ulug‘bek Abdurasulovich Mahmudov, har biri 50 foiz ulushga ega. Korxona rahbari etib Sardor Sanjarovich Hamidov tayinlangan. Ulug‘bek Mahmudov shuningdek, Sunshine Investment, New Time-Projects va Breeze Development kompaniyalariga ham egalik qiladi. Breeze Development joriy yil iyun oyida xuddi shu tarkibda tuzilgan bo‘lib, turar joy qurilishi bilan shug‘ullanadi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, 577 gektar yer maydoni 25 yil muddatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi va muddat tugaganda uzaytirishda ustuvor huquq beriladi. Ijara qiymati 1,7 trln so‘m (133,2 mln dollar) deb baholangan bo‘lsa-da, investor besh yil davomida atigi 17 mlrd so‘m (1,3 mln dollar) to‘laydi. Investorga tasdiqlangan bosh rejaga muvofiq hududni lotlarga bo‘lib, boshqa shaxslarga berish huquqi ham berilgan.
Loyiha ekologik talablarga rioya qilish, xususan, suv ombori va Chirchiq daryosiga chiqindi suvlarni tashlashni taqiqlash, chiqindilarni Chirchiqdagi tozalash inshootlariga yo‘naltirishni ko‘zda tutadi. Bu shartlar buzilsa, yer ijarasi bekor qilinishi mumkin. Shu bilan birga, investor daraxt kesgan holda, kompensatsiya sifatida mos ko‘chatlar ekish yoki ko‘chirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hukumat infratuzilma qurilishi — yo‘llar, suv va kanalizatsiya tarmoqlari, elektr va gaz ta’minoti hamda ko‘prik qurish bo‘yicha xarajatlarni davlat-xususiy sheriklik asosida o‘z zimmasiga olgan. Shu bilan birga, investor qurilish ishlarini 2029 yil oxirigacha bosh reja bilan bir vaqtda amalga oshirish vakolatiga ega bo‘ladi.
«Sea Breeze Uzbekistan» loyihasida Britaniyaning Scott Brownrigg arxitektura kompaniyasi bosh reja ishlanmasini tayyorlamoqda. Loyihaning amaliy ishlari boshlangani haqidagi xabarlar jamoatchilikda qiziqish uyg‘otgan bo‘lsa-da, rasmiylar hozircha faqat tajriba plyaji qurilayotganini bildirgan.
«Sea Breeze Uzbekistan» O‘zbekistondagi maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risidagi qonunlarga muvofiq barcha soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega ekanligi haqida xabar bergan edik.





