
Senat qarzdorliklarni soddalashtirilgan tartibda undirishni kengaytirishni ma’qulladi
Senatning yalpi majlisida ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ma’qullandi. U amaliy jarayonlarda byurokratiyani qisqartirishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida «Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibini yanada takomillashtirish» munosabati bilan «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida»gi Qonunning 431- hamda 432-moddalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.
Majlisda ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda sud-huquq islohotlari doirasida ijro tizimini takomillashtirishga, sud hujjatlari va boshqa organlar qarorlarining o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu yo‘nalishda axborot texnologiyalaridan foydalanish orqali jarayonlarni soddalashtirish va fuqarolar hamda yuridik shaxslar huquqlarini samarali himoya qilish muhim vazifa etib belgilangan.
Qonunga ko‘ra, soddalashtirilgan ijro tartibi pochta va videokonferensaloqa xarajatlari, kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorliklar, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlari majburiy badallari hamda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari (2 mln 60 ming so‘m)dan oshmagan summalarni undirish kabi holatlarga tatbiq etiladi.
Senatorlar ta’kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar ijro jarayonini soddalashtirish bilan birga, qarzdorliklarni tez va samarali undirishga yordam beradi. Shuningdek, Majburiy ijro byurosi xodimlarining ish yuklamasi kamayib, ularning faoliyati samaradorligi oshadi.
Muhokama yakunida qonun loyihasi senatorlar tomonidan ma’qullandi.





