
Sentyabrdan maktab va bog‘cha rahbarlarining maoshi oshiriladi
27.08.2025 | 20:0045703
1 sentyabrdan maktab direktorlari oyligi 20 foizga, ularning o‘rinbosarlariniki esa 15 foizga oshiriladi. 1 yanvardan esa samaradorligi yuqori bo‘lgan direktorlar 20 foiz, o‘rinbosarlar 10 foiz qo‘shimcha ustama olishi mumkin bo‘ladi.

Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab maktab direktorlarining oylik maoshi 20 foizga, ularning o‘rinbosarlariniki esa 15 foizga ko‘tariladi. Shuningdek, bog‘cha mudirlarining bazaviy tarif stavkalari ham oshirilib, maktab rahbarlarining ayrim lavozim stavkalariga tenglashtiriladi.
Mart oyida qabul qilingan ushbu farmon ta’lim tizimi rahbarlarining moddiy rag‘batlantirilishini kuchaytirishga qaratilgan. Yangi tartibga ko‘ra, I va II guruhga kiruvchi bog‘chalar direktorlari ish haqi miqdori III va IV guruh maktab direktorlari o‘rinbosarlarining maoshi bilan tenglashadi.
Bundan tashqari, 2026 yil 1 yanvardan boshlab maktab direktorlari va ularning o‘rinbosarlari uchun faoliyat samaradorligi ko‘rsatkichlari (KPI) asosida har oylik ustama joriy etiladi. Unga ko‘ra, yuqori natijalarga erishgan direktorlar 20 foiz, o‘rinbosarlar esa 10 foiz qo‘shimcha maosh olishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq ma’lum qilinganidek, yangi o‘quv yilidan maktab direktorlari va o‘rinbosarlari hamda bog‘cha mudirlarining oylik maoshi 7–10 million so‘mdan ortiq bo‘lishi kutilmoqda. Mutasaddilar fikricha, bu o‘zgarishlar rahbarlarning mas’uliyatini yanada oshirib, ta’lim muassasalarida samaradorlikka xizmat qiladi.





