add

«Shahar bedarvozami?» — MTDP raisi o‘rinbosari Toshkentda bo‘lib o‘tgan pivo festivali o‘tkazilganini qoraladi

21.07.2025 | 11:3022977

«Milliy tiklanish» partiyasi raisi o‘rinbosari Feruza Muhammadjonova Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan «Pivo festivali» haqida o‘z fikrini bildirdi. U daraxt kesilishiga qarshi barcha isyon qilib, pivo festivaliga nisbatan sukunat ekanligidan hayron.

«Shahar bedarvozami?» — MTDP raisi o‘rinbosari Toshkentda bo‘lib o‘tgan pivo festivali o‘tkazilganini qoraladi
«Maydon odamlar bilan gavjum bo‘ldi. Ishtirokchilarning aksariyati yoshlar. Rusiyzabon OAV bu mavzuni keng yoritdi. O‘zbekzabon OAVlar va ziyolilar esa jim. Toshkentning narigi tomonida esa Islom sivilizatsiya markazi qad rostlamoqda... Pivo festivali birinchi marta o‘tayotgani yo‘q. Bu tadbirni o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda», deya fikrini boshlagan Feruza Muhammadjonova. Partiya vakilining ta’kidlashicha, o‘zbek jamiyatida ham spirtli festivallar ochiqchasiga, ommaviy shovqin va reklama bilan o‘tkazilyapti. Ba’zi doiralar bunday festivallarni «turistlar uchun», «shaharni ochiq va zamonaviy ko‘rsatish uchun» deb asoslashadi. Lekin savol tug‘iladi: oqibatini hisob-kitob qilmagan «ochiqlik» — rivojlanishmi yoki o‘zlikdan voz kechishmi?! Muhammadjonovaga ko‘ra, hech bir zamonaviy shahar o‘zligini toptab rivojlanmaydi.
«1886 yilda Toshkentning yangi shahar qismida xalqni, tub aholini izdan chiqarish uchun ataylab «Piyon bozori» — mayxonalar ochilganidan xabarimiz bor. Chorizmni tushunsa bo‘ladi. Bugun bu tadbirni kim va nima uchun qo‘llab-quvvatlamoqda?! O‘zbekiston Germaniya emaski, har yili shuncha tadbirdan 1 milliard yevroga yaqin daromad keltirsa... Yoshlarimizga atigi 5 ming so‘m evaziga spirtli ichimlik taklif etilishini esa hech qanday asoslash mumkin emas! Toshkent — mamlakatning yuragi. Madaniyat, siyosat, turizm, media — hammasi aynan shu yerda boshlanadi. Demak, bu yerda o‘tkazilgan har qanday tadbir butun mamlakat uchun namuna bo‘lishi kerak. Biroq bu ketishda bunday tadbirlar Buxoro, Samarqand va hatto Qo‘qongacha yetib borishi hech gap emas. Balki yetib borgandir ham... Pivo festivalini aynan Toshkentda o‘tkazish — bu shunchaki faollar yoki biznes tashabbusi emas, balki xalqning milliy an’analari va o‘zligiga nisbatan bee’tiborlik, hatto tahqirlashdir! Bugun pivo, ertaga vino, keyin esa spirtli barlar — hech qanday madaniy cheklovlarsiz o‘tadigan tadbirlar. Shu tarzda jamiyatni sezdirmasdan, bosqichma-bosqich o‘zgartirish mumkin», — deb yozdi u.
Muhammadjonova kim nima ichishi uning shaxsiy tanlovi ekanini tan oldi, lekin bu tanlov jamoat joylarida, butun jamiyat ko‘z o‘ngida targ‘ib qilinishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
«Erkinlik tushunchasi madaniyatsizlik va hadsizlik bilan aralashib ketsa, bu — jamiyatning o‘zligini yo‘qotishidan darak», — dedi u.
Partiya vakili jamoatchilik bunday ommaviy targ‘ibotlarga qarshi fikr bildirishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, bu masalada muammolar yetarlicha ekani, mutaxassislar fikricha, O‘zbekistonda eng yosh giyohvand 12 yoshda ekanligini ma’lum qildi.
«Demak, bugun bahs ochilgan masala faqat daraxt masalasi emas. Bu — insonning hayoti va kelajagiga bog‘liq masala. Agar bir daraxt uchun jamiyat shuncha faol qo‘zg‘alsa — demak, bu jamiyatdan katta umid qilish mumkin. Chunki musulmon odamning qalbiga «Qiyomat qoim bo‘layotganini ko‘rsang ham, qo‘lingda bir daraxt niholi bo‘lsa, uni ekib ulgur», degan hadis muhrlangan.
Biroq bu borada ham ikki xil standart mavjudga o‘xshaydi: daraxt kesishga isyon — pivo festivaliga esa sukut!», — deya qo‘shimcha qildi u. Xulosa o‘rnida Muhammadjonova shunday dedi:
«Qanday qilib daraxtni himoya qilsak, o‘zligimizga daxldor masalalarda ham shunday qat’iyatli bo‘lishimiz kerak. Men Alisher Qodirovning: «Daraxt himoyasiga birlashgandek suv, yer, energiya resurslari, oziq-ovqat va vaqt, qolaversa o‘zligimizni isrofiga qarshi ham birlasha olsak edi», — degan fikrlariga qo‘shilaman».

Mavzuga oid

«Shahar bedarvozami?» — MTDP raisi o‘rinbosari Toshkentda bo‘lib o‘tgan pivo festivali o‘tkazilganini qoraladi | Vaqt.uz