
«Sharg‘unko‘mir» kompaniyasidagi 99,35 foiz davlat ulushi sotuvga chiqarildi
07.10.2025 | 08:1837754
38,6 mln tonna ko‘mir zaxirasiga ega «Sharg‘unko‘mir» aksiyalarining qariyb butun paketi ochiq savdoga qo‘yildi, arizalar 14 noyabrgacha qabul qilinadi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyatidagi 99,35 foiz davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni boshlanganini ma’lum qildi. Savdolar ochiq tarzda o‘tkazilib, unda mahalliy va xorijiy investorlar ishtirok etishi mumkin.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, «Sharg‘unko‘mir» — mamlakatdagi yetakchi ko‘mir qazib oluvchi korxonalardan biri bo‘lib, u Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida joylashgan. Kompaniya yiliga taxminan 900 ming tonna toshko‘mir qazib chiqaradi hamda o‘zining temiryo‘l tarmog‘i va boyitish fabrikasiga ega.
Korxona qazib olayotgan ko‘mir CC markasiga kiradi, uning yonish quvvati yuqori, kukun tarkibi esa 30 foizgacha. Uning umumiy zaxirasi 38,6 mln tonna deb baholangan, shundan 31,5 mln tonnasi A, B va C1 toifalariga, 7,1 mln tonnasi esa C2 toifasiga kiradi.
Xususiylashtirish jarayonida konsultant sifatida Alkes Research kompaniyasi faoliyat yuritmoqda — u shuningdek «Boysunko‘mir» savdolariga ham hamrohlik qilmoqda. Arizalarni topshirish uchun investorlar o‘z kompaniyasi, aksiyadorlar, moliyaviy hisobotlar va manfaatdor shaxslar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etishi lozim.
Hujjatlar o‘zbek, rus yoki ingliz tillarida Toshkent vaqti bilan 14 noyabr soat 23:59 gacha qabul qilinadi. Talabgorlar moliyaviy barqarorlik va xalqaro sanksiyalar ro‘yxatlarida bo‘lmaslik shartlariga javob berishi kerak.
Keyingi bosqichga o‘tgan ishtirokchilardan 1 foiz miqdoridagi kafolatli to‘lov (zakalat) to‘lanishi talab etiladi. Ularga sotib olish shartlari va korxonani keyingi faoliyatga tayyorlash bo‘yicha kelishuv taqdim etiladi.
Agentlik «Sharg‘unko‘mir» va «Boysunko‘mir»ni xususiylashtirish bo‘yicha maslahatchilarni joriy yil iyunida tanlagan edi. Avgust oyida «Boysunko‘mir» uchun savdolar boshlanib, to‘rtta investordan ariza kelib tushgan.





