
Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Tojikistonga bordi
09.10.2025 | 16:3025764
Mirziyoyev Dushanbeda bo‘lib o‘tadigan mintaqaviy sammitlarda ishtirok etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni amaliy tashrif bilan Tojikiston Respublikasiga etib bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Dushanbe xalqaro aeroportida davlat rahbarini Tojikiston bosh vaziri Qohir Rasulzoda va rasmiylar tantanali tarzda kutib oldi.
Tashrif doirasida Prezident Mirziyoyev «Markaziy Osiyo – Rossiya» formatdagi ikkinchi sammitda hamda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etadi.
«Markaziy Osiyo – Rossiya» sammiti 9 oktyabr kuni tushdan keyin bo‘lib o‘tadi. Bu formatdagi ilk uchrashuv 2022 yilda Ostonda o‘tkazilgan edi. Unda Vladimir Putin Markaziy Osiyoning besh davlati – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston prezidentlari bilan uchrashadi. Kun tartibida savdo-iqtisodiy, moliyaviy, sanoat, logistika, energetika va investitsiya sohalaridagi hamkorlik masalalari muhokama qilinadi. Sammit yakunlariga ko‘ra 20 dan ortiq bandini o‘z ichiga olgan kommyunike qabul qilinishi kutilmoqda.
Ertaga, 10 oktyabr kuni esa Dushanbeda MDH davlat rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirok etadi.
Yig‘ilish dastlab tor doirada, keyin esa kengaytirilgan formatda o‘tkaziladi. Unda MDH Bosh kotibi Sergey Lebedev va Rossiya inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova ham so‘zga chiqadi.
Sammitda davlat rahbarlari yangi «MDH+» formati haqida fikr almashadilar. Bu tizimga uchinchi davlatlarni jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, u BRICS va SHHT modeliga o‘xshash bo‘ladi. Vladimir Putin yig‘ilishda dekabr oyida Sankt-Peterburgda o‘tkaziladigan norasmiy sammitga taklif yo‘llashi kutilmoqda.





