add

Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti amir Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan Jahon sammitida ishtirok etish uchun Qatarga boradi.

Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 3–4 noyabr kunlari Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadbir davomida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi mavjud tafovutlarni bartaraf etish, Ijtimoiy rivojlanish to‘g‘risidagi Kopengagen deklaratsiyasining maqsad va tamoyillariga sodiqlik, shuningdek, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.

Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Jahon sammiti davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, BMT tizimidagi tuzilmalar, fuqarolik jamiyati institutlari, ekspertlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi konstruktiv muloqot uchun muhim platforma bo‘lishga qaratilgan.

Ta’kidlanishicha, forumning asosiy maqsadi qashshoqlikka barham berish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni faollashtirish, to‘liq va samarali bandlikka ko‘maklashish, munosib mehnat sharoitlarini ta’minlash hamda zamonaviy tahdidlar va o‘zaro bog‘liqlik sharoitida ijtimoiy integratsiyani kengaytirishdan iborat.

Sammit yakunida barqaror va inklyuziv ijtimoiy taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida xalqaro sheriklikni yanada mustahkamlash hamda o‘zaro kelishilgan yondashuvlarni rivojlantirishga qaratilgan Doha deklaratsiyasini qabul qilish rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidentining UNESCO Bosh konferensiyasi sessiyasining ochilishi munosabati bilan yo‘llagan tabrigiga javob yo‘llagani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha ikkinchi Jahon sammitida ishtirok etadi | Vaqt.uz