Shavkat Mirziyoyev OTB prezidenti bilan uchrashdi: 12,5 mlrd dollarlik yangi loyihalar

Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlik doirasida infratuzilma va xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilgan yangi dastur ishga tushirilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev OTB prezidenti bilan uchrashdi: 12,5 mlrd dollarlik yangi loyihalar © prezident.uz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 3-may kuni Samarqandga tashrifi doirasida Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuv avvalida OTB rahbari O‘zbekiston yetakchisiga bank Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlagani va ko‘rsatgan ko‘magi uchun samimiy minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasidagi keng ko‘lamli o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. Hamkorlikni yuksak darajaga ko‘tarishga erishilgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi.

O‘tgan 30 yilda OTB O‘zbekistonning strategik sherigiga aylandi

Loyihalar portfeli qariyb 16 milliard dollarni tashkil etmoqda, amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biriga aylandi.

Temir va avtomobil yo‘llari, energetika va ijtimoiy infratuzilmani modernizatsiya qilish, suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini yangilash, qishloq xo‘jaligi va xususiy sektorni rivojlantirish hamda boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha muhim loyihalar amalga oshirildi va davom etmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti va bank rahbari sammit doirasida imzolangan OTB bilan sheriklik bo‘yicha 2030-yilga qadar bo‘lgan davrga mo‘ljallangan yangi dasturga kiritilgan umumiy qiymati 12,5 milliard dollarlik loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish muhimligini ta’kidladi.

Hamkorlik sohalari

Ipoteka bozori, xususiy sektor, yoshlar va ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish, inklyuziv ta’lim va inson kapitalini rivojlantirish borasidagi islohotlarni ilgari surish, raqamli innovatsiyalarni joriy etish va maxsus iqtisodiy zonalarda infratuzilmani modernizatsiya qilish kabi sohalarda hamkorlikda ishlashga kelishib olindi.

Markaziy Osiyo mintaqasida yirik infratuzilmaviy loyihalarni, shu jumladan, bankning mablag‘larni safarbar etishdagi yetakchiligini kuchaytirish orqali ilgari surishga alohida e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston Prezidenti OTB rahbariyati va jamoasiga Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishi muvaffaqiyatli va samarali o‘tishini tiladi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida 2030-yilgacha mo‘ljallangan yangi sheriklik dasturini almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Teglar

Mavzuga oid