
Shavkat Mirziyoyev Pokiston prezidentiga ta’ziya yo‘lladi
17.08.2025 | 18:306813
Pokistonda kuchli musson yomg‘irlari va ko‘chkilar 300 dan ortiq odamning umriga zomin bo‘ldi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu fojea munosabati bilan Pokiston prezidenti Asif Ali Zardari va bosh vazir Shahboz Sharif nomiga ta’ziya yo‘lladi.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qilishicha, Mirziyoyev halok bo‘lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlar tez fursatda sog‘ayishini tilagan.
Pokistondagi kuchli yomg‘irlardan eng katta talofot Xayber Paxtunxva oblastida qayd etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 74 ta uy vayron bo‘lgan. Qutqaruv ishlari vaqtida esa M-17 harbiy vertolyoti halokatga uchrab, undagi 5 nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgan. Oblast rahbari Ali Amin Gadapurning aytishicha, vertolyot Afg‘oniston bilan chegaradosh Bajaur tumaniga yo‘l olgan bo‘lgan.
Pokiston meteorologiya xizmati mamlakatning shimoli-g‘arbiy hududlarida 21 avgustga qadar kuchli yomg‘irlar davom etishini ma’lum qildi. Ayrim mintaqalar rasman falokat zonasi deb e’lon qilindi.
Falokatlar nafaqat Pokiston, balki qo‘shni Hindiston nazoratidagi Kashmirda ham og‘ir oqibatlarga olib kelmoqda. Himolay tog‘lari yetaklaridagi qishloqlarda to‘satdan suv toshqinlari yuz berib, kamida 60 kishi halok bo‘ldi. Yana ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolgani xabar qilinmoqda.





