
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Xitoyga yetib bordi
31.08.2025 | 08:5928592
Kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva hamrohligida Si Jinping taklifiga binoan Xitoyning Tianjin shahriga yetib bordi. U SHHT sammiti va Pekindagi harbiy paradda qatnashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Jinping taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Tianjin shahriga yetib bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbarini «Binhay» xalqaro aeroportida Xitoy transport vaziri Lyu Vey va boshqa rasmiylar kutib oldi. Tantanali marosimda ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev 31 avgust – 1 sentyabr kunlari Shanhay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi hamda «SHHT plyus» formatidagi sammitda ishtirok etadi. Unda mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va transport yo‘laklarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda.
Shuningdek, prezident Pekinda Yaponiyaning Ikkinchi jahon urushidagi mag‘lubiyatining 80 yilligiga bag‘ishlab tashkil etiladigan harbiy paradda qatnashadi. Bu tadbirda turli mamlakatlar yetakchilari va harbiy delegatsiyalar ham ishtirok etishi belgilangan.
Tashrif doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ham muhokama qilinadi.





