add

Shavkat Mirziyoyev «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi

Ular Jizzaxda qurilayotgan kichik quvvatli atom elektr stansiyasi loyihasining muhim bosqichlari va yangi kelishuvlarni ko‘rib chiqqan.

Shavkat Mirziyoyev «Rosatom» korporatsiyasi bosh direktorini qabul qildi© Фото: president.uz

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni «Rosatom» atom energiyasi bo‘yicha davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyovni qabul qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda mamlakatda integratsiyalashgan atom elektr stansiyasini qurish loyihasini ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlari, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.

«O‘tgan yilning oktabr oyida birinchi kam quvvatli reaktor binosi uchun poydevor qo‘yish ishlari boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi. Elektr stansiyani loyihalashtirish ishlari davom etmoqda», - deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili «MMFI» milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkentdagi filiali negizida atom energetikasi va yadro texnologiyalari bo‘yicha ilg‘or muhandislik maktabi ishga tushirilgan.

Shuningdek, qishloq xo‘jaligi va tibbiyotda yadro texnologiyalarini qo‘llash, sohada malakali kadrlarni tayyorlash, fanni rivojlantirish hamda ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish borasida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan.

«O‘zatom» va «Rosatom» kelishuvi

Ma’lumot uchun, 2024 yil may oyida «O‘zatom» va «Rosatom» kichik quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzolagandi. Loyihada Rossiyaning RITM-200N suv-suv reaktorlari qo‘llaniladi, ularning elektr quvvati 55 MW, xizmat muddati esa 60 yilgacha. Ilk reaktor besh yilda ishga tushirilishi kutilmoqda, keyingi reaktorlar yarim yillik interval bilan ishga kiritilib, to‘liq quvvatga 2033 yilga kelib chiqilishi rejalashtirilgan.

Kichik AES qurilishi qoldirilishi

O‘zbekistonda atom stansiyasi maloy quvvatli bloklarini qurish boshlanishi 2026 yil mart oyidan dekabr oyiga ko‘chirilishi rejalashtirilmoqda. Bu «O‘zbekiston — 2030» strategiyasini amalga oshirishga doir davlat dasturi loyihasida qayd etilgan bo‘lib, hujjat jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.

Dasturga ko‘ra, 2026 yil davomida Rosatom bilan qo‘shimcha kelishuv ishlab chiqish, imzolash va ro‘yxatdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Ushbu hujjat integratsiyalashgan AES loyihasining yangi konfiguratsiyasini, ya’ni katta quvvatli VVER-1000 reaktori va kichik quvvatli RITM-200N reaktorlarini qamrab oladi. Shu maqsadda muzokaralar o‘tkazilishi belgilangan.

AES joylashadigan Jizzax viloyati hududida qurilish-montaj bazasining birinchi bosqichi bo‘yicha ishlar olib borilib, obyektlarni 2026 yil oxiriga qadar bosqichma-bosqich ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, xavfsizlikni asoslash hisoboti tayyorlanib, davlat ekspertizasidan ijobiy xulosa olish rejalashtirilmoqda.

Muddat nega o‘zgartirildi?

Kichik AES qurilishida asosiy bosqich hisoblangan birinchi beton quyish ishlari 2026 yil dekabriga belgilangan. Ilgari davlat rahbari ushbu jarayonni tezlashtirish va birinchi betonni 2026 yil mart oyida quyishni topshirgan edi. Muddat o‘zgarishining aniq sabablari ochiqlanmagan.

Qurilishga tayyorgarlik doirasida O‘zatom, mahalliy hokimlik va tegishli qo‘mitalarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, muhandislik tarmoqlari hamda kirish yo‘llarini tayyorlash, shuningdek, qurilish litsenziyasini olish vazifasi yuklatilgan. Shuningdek, 2026 yil oxirigacha AES uchun yadro yoqilg‘isini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzish ham rejada bor.

Teglar

Mavzuga oid