
Shavkat Mirziyoyev: Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini yangicha tashkil qilish kerak
Davlat rahbari O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyatini tubdan isloh qilish va diplomatik vakolatxonalar ishini kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning xorijiy davlatlarda 2017 yildan buyon 16 ta yangi diplomatik va konsullik vakolatxonasi ochilib, ularning soni 60 taga, diplomatik aloqa o‘rnatilgan davlatlarning soni esa 165 taga yetdi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishida so‘z bordi.
“Bugun sizlar bilan jahonda keskin geosiyosiy o‘zgarishlar bo‘layotgan, davlatlarning suverenitetiga xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgan murakkab paytda uchrashib turibmiz.
«Bunday sharoitda tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni tanqidiy muhokama qilib, Tashqi ishlar vazirligi va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini yangicha tashkil qilish kerakligini davrning o‘zi taqozo etmoqda», – dedi Prezident so‘zining avvalida.
Davlat rahbari tashqi siyosat borasida 2025 yil ko‘p jihatdan natijador bo‘lganini qayd etdi.
Xususan, o‘tgan yili 26 ta xorijiy davlatga oliy darajadagi tashriflar amalga oshirildi. Yangi tarixda ilk bor Bolgariya, Finlandiya, Slovakiya, Serbiya, Iordaniya va Paragvay rahbarlarining O‘zbekistonga tashriflari tashkil etildi.
«Markaziy Osiyo plyus» formatidagi ko‘p tomonlama muloqotlar sermahsul bo‘ldi.
So‘nggi yillarda 11 ta davlat bilan strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilib, ularning umumiy soni 19 taga yetdi. Qozog‘iston, Ozarboyjon, Tojikiston bilan ittifoqchilik munosabatlari yo‘lga qo‘yildi.
«Ochiq, pragmatik, puxta o‘ylangan va tashabbuskor tashqi siyosatimiz natijasida O‘zbekiston global tinchlik va diplomatiya markazlaridan biriga aylanib boryapti», – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.





