add

Shavkat Mirziyoyev va AQSH Eksimbank rahbari strategik loyihalarni muhokama qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Vashingtonda AQSH Eksimbank rahbari bilan energetika, aviatsiya, IT va transport sohalarida moliyaviy hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Shavkat Mirziyoyev va AQSH Eksimbank rahbari strategik loyihalarni muhokama qildi

6-noyabr kuni AQSHga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida AQSHning Eksport-import banki (Eksimbank) rahbari Jon Yovanovichni qabul qildi. Ushbu institut Amerika kompaniyalarining xalqaro iqtisodiy faoliyatini moliyaviy vositalar orqali qo‘llab-quvvatlaydigan rasmiy agentlik hisoblanadi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va Eksimbank o‘rtasida energetika, muhim minerallar, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, transport va boshqa ustuvor yo‘nalishlardagi yirik qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Aviaparkni yangilash va Boeing samolyotlarini yetkazib berishda Eksimbank’ning ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish va uzoq muddatli sheriklik rejasini ishlab chiqishga kelishib oldilar.

Tashrif yakunida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda AQSH Eksimbank o‘rtasida qo‘shma loyihalarni moliyalashtirish bo‘yicha kelishuv almashildi. Ushbu bitim ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni yangi bosqichga ko‘tarishi kutilmoqda.

O‘zaro hamkorlikni yanada faollashtirish orqali AQSH kompaniyalari bilan strategik tarzda yangi loyihalarni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, O‘zbekistonning infratuzilmaviy salohiyatini mustahkamlash ko‘zda tutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid

Shavkat Mirziyoyev va AQSH Eksimbank rahbari strategik loyihalarni muhokama qildi | Vaqt.uz