
Shavkat Mirziyoyevga yangi yordamchi va maslahatchi tayinlandi
23.06.2025 | 23:2044713
Shu vaqtga qadar Prezidentning qizi Saida Mirziyoyeva egallab kelgan nufuzli lavozim — Prezident yordamchiligiga Bekzot Mavlonov tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoni bilan Bekzot Mardonovich Mavlonov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Unga ko‘ra, Bekzot Mavlonov shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining huquqiy ekspertiza va kompleks tahlil qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilgan.
Bundan tashqari, Aziz Yuldashevich Magrupov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashqi investitsiyalar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlangan va shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yordamchisi lavozimidan ozod etilgan.
Ma’lumot uchun, tayinlovga qadar Prezident yordamchisi lavozimida Saida Mirziyoyeva faoliyat ko‘rsatayotgandi.
Kun.uz xabariga ko‘ra, Komil Allamjonov Prezident administratsiyasining yangi rahbari Saida Mirziyoyevaga jamoatchilik asosida mustaqil maslahatchi sifatida tayinlandi.
Ushbu lavozimda u innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, so‘z erkinligini ta’minlash va mustaqil ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash sohalarida ekspertlik yordamini ko‘rsatadi.
Shuningdek, bir qator mulozimlar boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan o‘z lavozimlaridan ozod qilingan. Jumladan:
Saidlaziz Saidasilovich Saidkarimov — Prezident Administratsiyasi Nazorat inspeksiyasi boshlig‘i lavozimidan;
O‘tkirjon G‘ayratovich Qodirov — Prezident Administratsiyasi Hududlar bilan hamkorlik qilish va tahliliy materiallarni tayyorlash departamentining rahbari lavozimidan;
Jahongir Javohirlayevich Ibragimov — Prezident Administratsiyasi Rejalashtirish va axborot ta’minoti departamenti rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.





