
Shavkat Mirziyoyevning AQSH safari kun tartibidan nimalar joy olgan?
19.09.2025 | 10:3025444
Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 sentyabr kuni Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasining 80-sessiyasida chiqish qiladi. Donald Tramp ham shu kuni so‘zga chiqadi.

Shavkat Mirziyoyev kelgusi hafta Nyu-Yorkdagi BMT Bosh assambleyasining yubiley sessiyasida ishtirok etadi. Yubiley sessiya «Birgalikda yaxshiroq: tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari uchun 80 yil va undan ko‘proq» shiori ostida o‘tkaziladi.
Tashrif oldidan, 22 sentyabr kuni davlat va hukumat rahbarlari ishtirokida BMTning 80 yilligini nishonlash uchun oliy darajadagi uchrashuv o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 23 sentyabrda esa jahon yetakchilari global muammolar bo‘yicha o‘z pozitsiyalari va ustuvor yo‘nalishlari haqida bayonotlar berishadi. Shavkat Mirziyoyevning chiqishi ham 23 sentyabrga belgilangan.
Tashrif oldidan, Vashingtondagi AQSH Kongressi Vakillar palatasining Reybern binosida hamda BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohida prezident Mirziyoyevning «Yangi O‘zbekiston: Shavkat Mirziyoyev yo‘li» kitobining taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Taqdimotlarda O‘zbekiston hukumati a’zolari, parlament va turli tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Bu yubiley sessiyasi BMTning barcha a’zolari uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lib, jahon miqyosida tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari sohasidagi muhim qarorlar qabul qilinadi.
Avvalroq AQSH Falastin yetakchisi Mahmud Abbos va yana 80 nafar falastinlik rasmiyning vizasini bekor qilgan edi. Bu qaror tufayli Falastin Nyu Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT bosh assambleyasi yig‘ilishida ishtirok eta olmaydi. Falastin nomidan Turkiya so‘zga chiqadi, ushbu qaror Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Falastin rahbari Mahmud Abbos bilan uchrashuvida e’lon qilindi. Erdo‘g‘an Turkiya bundan keyin ham barcha platformalarda Falastin masalasini ko‘tarishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning AQSHga safari ko‘zlanayotgani haqida avvalroq xabar qilgan edik.





