
Sherzod Hidoyatov: «O‘zbekistonda 38 mingta noqonuniy qurilgan xonadon bor»
2018 yildan buyon ruxsatsiz qurilgan minglab uy-joylar seysmik xavfsizlik va hujjatlashtirish nuqtai nazaridan qayta tekshirilmoqda.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda qurilgan 38 mingta kvartira noqonuniyligi aniqlandi. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov tadbirkorlar bilan ochiq muloqotda ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, mazkur uy-joylar 2018–2019 yillardan hozirgi kunga qadar barpo etilgan.
Vazirga ko‘ra, ob’ektlarni qonunsiz deb topishga bir qator jiddiy kamchiliklar sabab bo‘lgan. Jumladan,
Yer uchun ruxsat olmay hokim qarorisiz qurilgan uylar;
Arxitektura-shaharsozlik kengashida ko‘rib chiqilmagan;
Davlat ekspertizasidan o‘tkazilmagan;
Qurilish hamda uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat inspeksiyasida ro‘yxatdan o‘tmagan.
Aniqlangan 38 ming kvartira bo‘yicha maxsus ishchi guruh tuzilgan. Ushbu guruh joylarga chiqqan holda binolarning seysmik barqarorligini baholamoqda va ob’ektlarda texnik ko‘rik o‘tkazilib, uni loyiha institutlari tajribali konstruktorlar bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda. Tekshiruvlar yakunlangach, hujjatlashtirish masalalari hal etiladi va qonunbuzarliklar uchun jarimalar qo‘llaniladi.
Sherzod Hidoyatovning aytishicha, noqonuniy deb topilgan xonadonlar qurib bitkazilgan uylarda ham, hali barpo etilayotgan binolarda ham mavjud. Ushbu obyektlarni qonuniylashtirish yoki ular bo‘yicha qaror qabul qilish masalasi prezident topshirig‘iga asosan maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqilmoqda. Vazir ko‘plab kvartiralar aholiga sotib yuborilganini ham qayd etdi.
Avvalroq Toshkent shahar hokimiyati poytaxtdagi 59 ta noqonuniy qurilish ob’ektida ishlar to‘xtatilganini ma’lum qilgan edi. Eng ko‘p qonunbuzarlik Yangihayot tumanida qayd etilgan bo‘lib, keyingi o‘rinlarda Mirobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlari turadi.





