Logo

Shifokorlar va harbiylarga mumkin emas: O‘zbekistonda ish tashlashni amalga oshirish tartibi belgilandi

Kecha 22:553 daqiqa

O‘zbekistonda jamoaviy mehnat nizolarini hal qilishning iloji bo‘lmagan hollarda ish tashlash o‘tkazish tartibi qonun darajasida belgilandi.

Shifokorlar va harbiylarga mumkin emas: O‘zbekistonda ish tashlashni amalga oshirish tartibi belgilandi

«Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun bilan Mehnat kodeksiga ish tashlashni amalga oshirish tartibini belgilaydigan o‘zgartishlar kiritildi.

Hujjatga ko‘ra, agar yarashtirish taomillari orqali jamoaviy mehnat nizosini hal qilishning iloji bo‘lmasa, mehnat jamoasi ish tashlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin.

Ish tashlashda qatnashish ixtiyoriydir. Hech kim ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilinishi mumkin emas.

Ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror tashkilot xodimlarining umumiy yig‘ilishida qatnashayotgan xodimlarning 50 foizidan ko‘prog‘i yoqlab bergan ovozi bilan qabul qilinadi.

Qaror qabul qilish ish tashlash boshlanishidan kamida 1 oy oldin amalga oshiriladi.

Kasaba uyushmasi qo‘mitasi ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risidagi qaror haqida ish beruvchini qaror qabul qilingan paytdan 1 ish kunidan kechiktirmay yozma ravishda xabardor qilishi kerak.

Ish beruvchi bo‘lajak ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida yozma xabarnomani olgan paytdan e’tiboran 1 ish kunidan kechiktirmay jamoaviy mehnat nizolarini tartibga solish bo‘yicha davlat organlarini yozma ravishda ogohlantiradi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran
3 oy o‘tgach kuchga kiradi.

Ish tashlash paytida xodimning ish joyi saqlanib qoladi

Kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ish tashlashga kasaba uyushmasi qo‘mitasining vakolatli vakili rahbarlik qiladi.

Xodimning ish tashlash bilan bog‘liq jarayonda ishtirok etgani uni intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos sifatida ko‘rib chiqilishi mumkin emas.

Ish tashlash paytida unda ishtirok etadigan xodimning ish joyi va lavozimi saqlanib qoladi.

Ish beruvchi xodimga u ish tashlashda qatnashgan vaqtida ish haqini to‘lamaslik huquqiga ega.

Ish tashlash insonlarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish real xavfini keltirib chiqarsa, tinchlik va xavfsizlikka, jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga, ekologik barqarorlikka tahdid solsa, sudning qaroriga asosan:

• e’lon qilingan ish tashlashning boshlanish vaqti 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirilishi;

• ish tashlash 30 kalendar kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turilishi mumkin.

Tibbiyot xodimlari ish tashlashda qatnashishi mumkin emas

Bundan tashqari, favqulodda holat yoki favqulodda vaziyatlar paytida, urush holatida, umumiy safarbarlik e’lon qilingan davrda ish tashlash taqiqlanadi.

Ish tashlashda quyidagilarning qatnashishi mumkin emas hamda ular ishtirokidagi ish tashlash taqiqlangan hisoblanadi:

• tibbiyot xodimlari;

• davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining давлат reyestriga kiritilgan shaxslar;• harbiy xizmatchilar, sudyalar, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning maxsus (harbiy) unvonlarga yoki martaba (malaka, mansab) darajalariga ega xodimlari;

energiya va suv ta’minoti tizimi tashkilotlari xodimlari;
aloqa tizimi xodimlari.

Agar Mehnat kodeksi va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan talablarni buzgan holda ish tashlash amalga oshirilgan yoki ish tashlashni e’lon qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan bo‘lsa, bu noqonuniy ish tashlash deb topiladi.

Ish tashlash to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik belgilandi
 
Shuningdek, mehnat qonunchiligi bilan ish tashlash taqiqlangan hollarda ish tashlashda ishtirok etish BHMning 3 baravaridan 7 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
 
Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, noqonuniy ish tashlashga rahbarlik qilish, shuningdek ish tashlashda qatnashishga yoki unda qatnashmaslikka majbur qilish, shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, –
 
• BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima;
• 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari;
• 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash;
• 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilandi.

Mavzuga oid

Shifokorlar va harbiylarga mumkin emas: O‘zbekistonda ish tashlashni amalga oshirish tartibi belgilandi | Vaqt.uz