add

Shveysariyada Trampga berilgan qimmatbaho sovg‘alar bo‘yicha tekshiruv talab qilinmoqda

29.11.2025 | 08:583202 daqiqa

Shveysariya parlamenti a’zolari AQSH prezidenti Donald Trampga berilgan oltin quymasi va Rolex soati kamaytirilgan tariflar bilan bog‘liq manfaatdorlikka ishora qilayotganini aytib, prokuraturadan jinoyat ishini qo‘zg‘atishni talab qilmoqda.

Shveysariyada Trampga berilgan qimmatbaho sovg‘alar bo‘yicha tekshiruv talab qilinmoqda

Shveysariyada AQSH prezidenti Donald Tramp bilan bog‘liq qimmatbaho sovg‘alar atrofida yirik siyosiy mojaro kelib chiqdi. Mamlakat parlamentining ikki deputati — Greta Gisin va Rafael Mahayem federal prokuraturaga murojaat qilib, Trampga topshirilgan 150 ming dollar qiymatidagi sovg‘alarni «yashirin pora» deb baholash mumkin-mumkin emasligini tekshirishni talab qildi. Bloomberg manbalariga ko‘ra, Trampga berilgan jihozlarga kamida 100 ming franklik oltin quyma va 25 ming franklik Rolex soati kiradi.

Sovg‘alar avgust oyida AQSH ma’muriyati shveysariyalik ishlab chiqaruvchilarga nisbatan 39 foizlik jazolovchi tariflarni joriy qilganidan so‘ng topshirilgan. Bunday bosim ostida qolgan eksportga tayanadigan iqtisodiyot uchun vaziyat o‘ta murakkab edi. Noyabr boshida Shveysariya kompaniyalari rahbarlari Oval kabinetga taklif qilingan va aynan shu uchrashuvda qimmatbaho taqdimotlar amalga oshirilgan edi. Rasmiy Bern ushbu tashrifdan xabardor bo‘lgan, hatto tashkiliy jarayonda ishtirok etgani ma’lum qilingan.

Deputatlar o‘z murojaatida «oddiy fuqaro bu kabi qimmatbaho sovg‘alarning qonuniyligiga haqli ravishda shubha bildirishi mumkin», deb qayd etgan. Ularga ko‘ra, biznesmenlar tomonidan berilgan «hadyalar» Tramp ma’muriyatini shveysariyalik ishlab chiqaruvchilar uchun yuzaga kelgan muzlatilgan muzokaralarni ochishga undash vositasi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Sovg‘a berilganidan keyin atigi ikki hafta o‘tgach, AQSH Shveysariyaga nisbatan tariflarni 39 foizdan 15 foizgacha tushirdi. Evaziga Shveysariya kompaniyalari kelasi besh yil ichida AQSH iqtisodiyotiga 200 mlrd dollar investitsiya kiritishga va’da berdi. Hozirda ikki davlat keng qamrovli savdo kelishuvi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirmoqda.

Shveysariya Bosh prokuraturasi murojaatni qabul qilganini tasdiqladi, ammo hozircha jinoyat ishi ochish haqida qaror qabul qilinmagan. Oq uy esa vaziyat yuzasidan hali hech qanday izoh bermadi.

Teglar

Mavzuga oid