
Sirdaryoda qalbaki 150 ming dollarni 30 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi
16.08.2025 | 10:0514523
Sirdaryo viloyatida tezkor tadbirda qalbaki 150 ming AQSH dollarini muomalaga kiritishga urinish oldi olindi.

Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan operatsiyada Oqoltin tumanida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan fuqaro ushlangan. U qalbaki 150 ming dollarni «shartli xaridor»ga haqiqiy 30 ming dollarga sotishga uringan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs ilgari ham jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyer shahar sudi 2024 yil dekabr oyida uni Jinoyat kodeksining 168 va 176-moddalariga asosan aybdor deb topgan va 1 yil 10 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinlagan. Shu sababli u hozirda jazo o‘tayotgan shaxs hisoblanadi.
Tekshiruv jarayonida qalbaki kupyuralar Qozog‘iston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani ma’lum bo‘ldi. Ayblanuvchi ularni Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi boshqa bir fuqarodan olganini aytgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Gumonlanuvchiga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi va tergov ishlari davom etmoqda.
Avvalroq Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida ham 50, 100 va 200 ming so‘mlik jami 315,5 mln so‘mlik qalbaki kupyuralar, shuningdek, 100 AQSH dollarlik jami 120 ming AQSH dollari miqdorida qalbaki banknotalar musodara qilingani haqida xabar bergan edik.





