add

«Siz yutuqli o‘yin g‘olibi bo‘ldingiz»: 50 kishidan 200 mln so‘mni noqonuniy o‘zlashtirgan «kiberbunker» fosh etildi

29.01.2026 | 21:202 daqiqa

Chilonzorda tashkil etilgan «kiberbunker»da 16 nafar operator soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarni aldagan. Ular savdo platformalarida soxta yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, xaridorlarga sifatsiz mahsulotlar yuborgan.

«Siz yutuqli o‘yin g‘olibi bo‘ldingiz»: 50 kishidan 200 mln so‘mni noqonuniy o‘zlashtirgan «kiberbunker» fosh etildi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi ko‘p qavatli uy yerto‘lasida tashkil etilgan noqonuniy «Call-markaz» — «kiberbunker» faoliyati fosh etildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyat IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan tezkor-qidiruv tadbiri o‘tkazilgan. Unda poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan ko‘p qavatli uy yerto‘lasida noqonuniy Call markaz – «kiberbunker» aniqlangan.

«Yutuqli o‘yin» va soxta onlayn do‘konlar?

Andijon viloyatida yashovchi, muqaddam firibgarlik jinoyati bilan ikki marta sudlangan 32 yoshli J.T. va uning sheriklari fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, ularga go‘yoki onlayn savdo platformasining «yutuqli o‘yini» g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumotlar bergan. Ular «sovg‘a» uchun to‘lov fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikroqarz limiti hisobidan vaqtincha «Alhikma Ilm» MCHJga o‘tkazilishini, keyinchalik esa ushbu mablag‘lar ularning korxonasi tomonidan qoplab berilishini va’da qilib, jabrlanuvchilardan mablag‘lar o‘tkazilishiga erishgan.

Shuningdek, guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini go‘yoki mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mahsulot yetkazib berishni talab qilgan yoki «ustingizdan shikoyat qilaman» deya norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga ataylab juda arzon, sifatsiz yoki buyurtmaga mutlaqo mos kelmaydigan mahsulotlar yuborgan. Bu yo‘l bilan jabrlanuvchilarning e’tibori chalg‘itilib, ajratilgan kredit yoki mikroqarz limitlarini to‘liq o‘zlashtirishga erishilgan. Mablag‘lar o‘tkazib bo‘lingach, ko‘p hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa butunlay uzib qo‘yilgan.

200 million so‘mlik zarar va 2 500 kishining shaxsiy ma’lumotlari

Tekshiruvlar davomida «Alhikma Ilm», «Aksiya Tech Shoop» va «Grandbook» MCHJlar orqali «kiberbunker»da 16 nafar operator faoliyat yuritgani, ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, dastlabki tergovga qadar 50 kishining 200 mln so‘mdan ortiq mablag‘larini noqonuniy yo‘l bilan o‘zlashtirgani aniqlangan.

Dalil

Tezkor tadbir davomida 22 ta komputer jamlanmasi, mobil telefonlar, SIM-kartalar, bank plastik kartalari hamda 2 500 nafardan ortiq fuqaroning to‘liq qayd etilgan shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlari ro‘yxatlari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Xabarga ko‘ra, hozirda guruh a’zolarining boshqa hududlardagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zararni aniqlash va qoplash yuzasidan dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

«Agar Siz yoki yaqinlaringiz «Alhikma Ilm», «Aksiya Tech Shoop» yoki «Grandbook» MCHJ faoliyati bilan bog‘liq firibgarlik holatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsangiz, Toshkent viloyati IIBBning +998717622135. +998717622024, +998717622025 navbatchilik qismi orqali yoki o‘zingizga eng yaqin IIOga murojaat qilishingiz so‘raladi. Har bir murojaat qonuniy tartibda ko‘rib chiqilib, yetkazilgan zararlarni undirish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladi», - deyiladi xabarda.

Mavzuga oid