
Sloveniya va Mo‘g‘ulistondagi qurilish ishlariga o‘zbekistonliklar taklif etilmoqda
05.06.2025 | 15:004694
O‘zbekistonliklar Sloveniya va Mo‘g‘ulistonda qurilish ishlariga ishga jalb etilmoqda. Maosh mos ravishda 1000 yevro va 1000 dollargacha, nomzodlardan ish tajribasi va kasbiy malaka talab etiladi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Sloveniyaning Kolektor Construction kompaniyasi o‘rtasidagi hamkorlik doirasida 35 nafar o‘zbekistonlik mutaxassis Sloveniyada qurilish sohasida ishlashga taklif etilmoqda. Beton aralashtiruvchi yuk mashinasi haydovchisi, gidravlik ekskavator operatori va asfalt yotqizish ishlari uchun bo‘sh o‘rinlar mavjud.
Ish haqi oyiga 1000 yevro etib belgilangan, oylik ish soati esa 200 soat. Nomzodlar 25–45 yoshda, o‘rta maxsus ma’lumotli, kamida 5 yillik ish tajribasiga ega, sudlanmagan, chetga chiqish taqiqisiz va ingliz tilini muloqot darajasida bilishi lozim.
Ishchilarga viza va ishlash ruxsatnomasi bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi. Shuningdek, kunlik ozuqa uchun 7,5 yevro, yillik bonus va boshqa ijtimoiy shartlar ham taqdim etiladi. Biroq nomzodlar avia chipta, turar joy va agentlik xizmati (1 iyuldan boshlab 4,1 mln so‘m) uchun to‘lovni o‘zlari amalga oshiradi.
Bundan tashqari, GlobalHR xususiy agentligi Mo‘g‘ulistonda qurilish ishlari uchun 50 nafar ishchi jalb qilmoqda. U yerda oshpaz, qolibchi va yordamchi ishlari bo‘yicha bo‘sh o‘rinlar mavjud. Sinov muddatida ish haqi 800 dollar, keyinchalik esa 1000 dollardan boshlab belgilanadi.
Nomzodlardan jismoniy tayyorgarlik, 25–45 yosh va kasb bo‘yicha tajriba talab etiladi. Ishchilarga bepul turar joy, uch mahal ovqat, viza va avia chipta bilan ta’minlash nazarda tutilgan.
Migratsiya agentligi barcha talabgorlarni maxsus havolalar orqali ro‘yxatdan o‘tishga va masʼul agentliklardan to‘liq ma’lumot olishga chorlamoqda. Ma’lumot uchun telefon va Telegram orqali murojaat qilish mumkin.
Ma’lumot uchun, may oyida O‘zbekiston va Sloveniya mehnat migratsiyasi sohasida yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida ekspertlar guruhi tuzishga kelishib olgan. Migratsiya agentligi rahbari Bexzod Musayevning ta’kidlashicha, Sloveniyada o‘zbekistonliklar uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan.





