
Sobiq «Toshkent» mehmonxonasi buziladimi Toshkent hokimligi munosabat bildirdi
Ijtimoiy tarmoqlarda sobiq «Toshkent» mehmonxonasi buzib tashlanishi, binoning barcha xodimlari ishdan bo‘shatilgani haqida xabarlar tarqaldi.
© Foto: pegast.ruIjtimoiy tarmoq faollaridan biri Gulchehra Shorustamova o‘zining Facebook sahifasida sobiq «Toshkent» mehmonxonasi — hozir «Lotte City Hotel Tashkent Palace» nomi bilan ataladigan binoning buzilishi haqida yozdi. Unga ko‘ra, ushbu mehmonxonaning barcha xodimlari ishdan bo‘shatilgan. Ushbu post jamoatchilik o‘rtasida xavotir uyg‘otdi.
«Sobiq «Toshkent» mehmonxonasi, hozirgi «Lotte City Hotel Tashkent Palace» buzilmaydi», — deya yozib qoldirdi hokimlik mazkur post ostiga.
Ta’kidlanishicha, mazkur bino madaniy meros obyekti sifatida muhofazaga olingan.
Sobiq «Toshkent» mehmonxonasi haqida
Sobiq «Toshkent» mehmonxonasi Mitxat Bulatov va Leonid Karash loyihasi asosida qurilgan bo‘lib, poytaxt markazidagi eng mashhur madaniy meros obyektlaridan biri hisoblanadi. U 1958 yilda qurilgan bo‘lib, o‘sha paytda markaziy besh qavatli bino va unga tutashgan ikkita to‘rt qavatli qanotdan iborat edi. Dastlab 262 xona (554 mehmon uchun) mavjud bo‘lgan. Mehmonxona joylashgan hudud ilgari «Voskresenskiy bazar» deb nomlangan yirik savdo majmuasi bo‘lgan, u yerda parfyumeriya va antikvar buyumlar sotilgan.
Mehmonxona 1958 yil oktabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Osiyo va Afrika yozuvchilarining xalqaro konferensiyasi munosabati bilan ochilgan. Sovet davrida u boy mehmonlarga xizmat ko‘rsatgan, 1980-yillarda yillik aylanmasi 3,5 million rubldan oshgan.
2003 yilda «Toshkent» mehmonxonasi boshqaruvi Fransiyaning Air France aviakompaniyasining xalqaro tarmog‘i bo‘lgan Le Meridien’ga topshirilgan. 2013 yilda rekonstruksiya qilinganidan so‘ng, boshqaruv yaponiya-koreys brendi hisoblangan mashhur Lotte mehmonxonalar tarmog‘iga o‘tkazilgan.





