
Sog‘liqni saqlash vaziri ayollarni homiladorlik oraliqlarini saqlashga chaqirdi
16.10.2025 | 15:5031094
O‘zbekistonda 15–17 yoshli qizlar o‘rtasida 155 ta erta nikoh holati aniqlandi. Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov aytishicha, ba’zi ayollar bir yilda ikki marta homilador bo‘layotgani bolalar sog‘ligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida mamlakatda yil boshidan buyon 15–17 yoshli qizlar o‘rtasida 155 ta erta nikoh holati qayd etilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu masala Prezident ishtirokida 14 oktyabr kuni mahallalarni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda muhokama qilingan.
Vazir ta’kidlashicha, davlat rahbari yoshlar orasida, ayniqsa qizlar o‘rtasida erta turmush qurish holatlariga tanqidiy baho bergan. Shu bilan birga, mamlakatda hanuz qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzish holatlari uchrayotgani qayd etildi.
«Zamonaviy tibbiyot isbotladiki, erta yoki qarindoshlar o‘rtasidagi nikohlar nogironlik bilan tug‘iladigan bolalar ehtimolini ancha oshiradi», — dedi Asilbek Xudayarov.
Uning ta’kidlashicha, yig‘ilishda ayollarning bir kalendar yili ichida ikki marta homilador bo‘layotgani haqida ham so‘z bordi. Bunday holatlar sog‘lom emas, zaif bolalar tug‘ilishiga sabab bo‘layotgani aytildi.
Prezident sog‘lom avlodni ta’minlash maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi xodimlari, mahalla va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda diniy va mahalliy rahbarlar bu yo‘nalishda mas’uliyatni yanada kuchaytirishlari lozimligini ta’kidladi.
Xudayarov bu yo‘nalishda keng ko‘lamli axborot-targ‘ibot ishlari olib borilishini bildirdi. «Agar shunday holatlar takrorlansa, ular mahalla darajasida muhokama qilinib, oldini olish choralari ko‘riladi», — dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, Prezident so‘nggi yig‘ilishda ajrimlarni kamaytirish maqsadida nikoh shartnomalarini targ‘ib qilish muhimligini qayd etdi. Bu yil mamlakatda taxminan 32 ming oila ajrashgan, 16 ming ota-onalar esa aliment to‘lashdan bo‘yin tovlagan.





