add

«Soliq» ilovasi orqali 82 mingdan ortiq soliq huquqbuzarligi bo‘yicha murojaat kelib tushdi

24.10.2025 | 11:403061

2025 yilning yanvar–sentabr oylarida «Soliq hamkor» tizimi orqali yuborilgan murojaatlar soni 82 mingtadan oshdi.

«Soliq» ilovasi orqali 82 mingdan ortiq soliq huquqbuzarligi bo‘yicha murojaat kelib tushdi

Davlat soliq xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning 1 oktabri holatiga ko‘ra «Soliq» mobil ilovasining «Soliq hamkor» tizimi orqali soliq qonunchiligi buzilishi haqida 82 857 ta murojaat kelib tushgan.

Murojaatlarning asosiy qismi — 74 970 tasi (90,5 foiz) chek bermaslik holatlariga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, 3 001 ta holatda tadbirkorlar to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmagani, 184 ta holatda esa xarid uchun karta orqali oshirilgan summa talab qilingani aniqlangan. Qolgan 4 702 ta murojaat boshqa turdagi huquqbuzarliklarga oid bo‘lgan.

Taqroriy yoki tekshiruv jarayonida bo‘lganligi sababli 41 702 ta murojaat ko‘rib chiqilmagan. Shu bilan birga, 34 196 ta holat bo‘yicha sayyor tekshiruvlar o‘tkazilib, ularning 98,8 foizida soliq huquqbuzarligi fakti tasdiqlangan.

Fuqarolar tomonidan berilayotgan ma’lumotlar orqali 34 139 ta holat bo‘yicha javobgarlik choralari ko‘rilgan va huquqbuzarliklarni fosh etganlarga jami 24,1 milliard so‘m (jarima summasining 20 foizi miqdorida) mukofot to‘langan.

Hududlar kesimida eng ko‘p mukofot Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi — 6 milliard so‘mdan ziyod. Shuningdek, Samarqand (2,45 mlrd so‘m), Toshkent viloyati (2,05 mlrd so‘m) va Andijon (1,85 mlrd so‘m) viloyatlari ham yuqori ko‘rsatkich qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Soliq qo‘mitasi norasmiy iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullangan va shubhali operatsiyalarda ishtirok etgan 7 ming 522 ta kompaniya haqida ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid