
Soliq qoidalarini buzganlar haqida xabar berganlarga 17,7 mlrd so‘m to‘landi
20.07.2025 | 13:0042283
O‘zbekistonda soliq buzilishlari haqida murojaat qilgan fuqarolarga yil boshidan beri umumiy hisobda 17,7 mlrd so‘mlik mukofot puli to‘landi. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi ma’lum qildi.

2025 yilning birinchi yarmida «Soliq hamkor» tizimi orqali 54 401 ta murojaat kelib tushgan. Ulardan 49 015 tasi xarid cheki berilmasligiga oid bo‘lsa, 1 898 ta murojaatda to‘lovni plastik karta orqali qabul qilmaslik holati qayd etilgan. Shuningdek, 126 ta holatda karta orqali to‘lovda narxni oshirish, 3 362 ta holatda esa boshqa turdagi qoidabuzarliklar qayd etilgan.
Murojaatlarning 26 155 tasi takroriyligi yoki tekshiruv jarayoni davom etayotgani bois ko‘rib chiqilmagan. Shu bilan birga, 21 702 ta holatda sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilib, ularning 99,1 foizida qonunbuzarliklar tasdiqlangan.
Xabar bergan fuqarolarning 24 762 ta murojaati bo‘yicha jami 17,7 mlrd so‘m mukofot to‘langan. Undirilgan jarima summasining 20 foizi fuqaroga mukofot sifatida ajratilgan. Eng ko‘p mukofot Toshkent shahar fuqarolariga — 4 mlrd 279 mln 500 ming so‘m miqdorida to‘langan. Eng kam mukofot esa Jizzax viloyatida — 512 mln so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, soliqdan tashqari sohalarda ham fuqarolarning faolligi rag‘batlantiriladi. Xususan, suv, elektr va gazdan foydalanishdagi qoidabuzarliklar, yerning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi yoki daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari haqidagi foto va videomahsulot yuborganlarga ham mukofot to‘lanishi mumkin.





