add

Soliqlarni oshirish emas, davlat xarajatlarini qisqartirish lozim — Iqtisodchilar

30.06.2025 | 11:0013654

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga soliq yukini oshirish va daromad soliqlarini progressiv shaklga o‘tkazishni tavsiya qildi. Ammo mahalliy iqtisodchilar bu taklifni noto‘g‘ri va xatarli, deb hisoblashmoqda. Ularning fikricha, O‘zbekiston sharoitida soliqlar emas, davlat xarajatlari kamaytirilishi lozim.

Soliqlarni oshirish emas, davlat xarajatlarini qisqartirish lozim — Iqtisodchilar
Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soliqlarini progressiv shkalaga o‘tkazishni, soliq imtiyozlarini qisqartirishni va soliq bazasini kengaytirishni tavsiya qildi. Tashkilot mamlakat byudjetini muvozanatlash uchun soliq yukini oshirish zarurligini qayd etgan. XVJ ning bu takliflari mahalliy iqtisodchilar tomonidan tanqidga uchradi. Iqtisodchi Otabek Baqirov bu kabi choralar O‘zbekistonda rasmiy mehnat bozoridagi ijobiy o‘zgarishlarni to‘xtatishi, ish haqlarining yashirin to‘lovlariga qaytish xavfini oshirishi mumkinligini aytdi. Uning fikricha, yuqori daromadli qatlam asosan dividend va korporativ xarajatlar orqali foyda oladi, ya’ni progressiv soliq ularga ta’sir qilmaydi. Baqirov soliq yukini oshirish o‘rniga, yashirin imtiyozlarni bekor qilish va soliq to‘lashdan qochayotganlardan hisob so‘rash lozimligini ta’kidladi. Ushbu vaziyatda davlat qarzini qisqartirish uchun ham asosiy yechim byudjet xarajatlarini nazorat qilish, deb hisoblaydi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov ham XVJ ning soliq yukini oshirish bo‘yicha tavsiyalarini qo‘llab-quvvatlamasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekiston hozircha rivojlangan bozor iqtisodiyoti emas va bu yerda soliq yuki yuqori bo‘lishi iqtisodiy o‘sishga jiddiy to‘siq qo‘yadi. Yusupov davlat xarajatlari haddan tashqari o‘sib ketayotganini, davlat sektori ulushi yuqoriligini va biznes uchun ortiqcha yuk yaratilayotganini ta’kidladi. U davlat ishtirokini kamaytirish, bozor mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash va amaldagi imtiyozlar tizimini qayta ko‘rib chiqish zarurligini bildirdi. Iqtisodchiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotga erishish uchun davlat xarajatlarini 1,5-2 barobarga qisqartirishi, davlat mulki ulushini kamaytirishi va soliq hamda qarz yukini yengillashtirishi lozim. Shu bilan birga, import bojlarini tushirish va davlatning iqtisodiyotdagi roliga chek qo‘yish kerak. Yusupov XVJ ning tavsiyalarini O‘zbekistonning real institutsional va iqtisodiy sharoitlarini hisobga olmasdan berilgan, deb baholadi. Uning fikricha, bunday mexanik yondashuv mamlakat uchun salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid