
So‘m so‘nggi ikki kunda deyarli barcha valyutaga nisbatan mustahkamlandi
19.06.2025 | 09:2024723
O‘zbekiston milliy valyutasi — so‘m dunyodagi asosiy valyutalarga nisbatan so‘nggi ikki kun mobaynida barqaror kuchayishni namoyon etdi. Ayrim istisnolardan tashqari, so‘m qariyb barcha valyuta kurslariga nisbatan mustahkamlanmoqda.

Xususan, ikki kunlik rasmiy kurslar tahliliga ko‘ra, so‘m AQSH dollariga nisbatan 0,7 foizga, yevro — 0,9 foizga, funt sterling — 1,2 foizga, yapon iyenasi — 1,3 foizga, shveysariya frankiga nisbatan esa 1,1 foizga mustahkamlangan. Shuningdek, asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlardan Qozog‘iston tangasiga nisbatan 1,8 foiz, Xitoy yuaniga nisbatan 0,8 foiz va Turkiya lirasiga nisbatan 0,9 foizga o‘sish qayd etildi.
Rublga nisbatan so‘mning kursi deyarli o‘zgarmasdan qolgan bo‘lsa-da, 18 va 19 iyun kunlari uning kunlik barqarorlashuvi mos ravishda 0,4 va 0,2 foizni tashkil etdi.
Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning fikricha, bu dinamika ichki iqtisodiy omillar hamda tashqi geosiyosiy o‘zgarishlar ta’sirida vujudga kelgan. Jumladan, eksport tushumlarining oshishi, ayniqsa, qimmatbaho metalllar eksportidan kelgan daromadlarning ichki bozorda sterilizatsiya qilinishi valyuta taklifini ko‘paytirdi. Shu bilan birga, oy boshida rublning qisqa muddatli mustahkamlanishi tufayli yuborilgan pul o‘tkazmalari hozirgi kunda bozorda kechikkan ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘mning nisbiy barqarorligi va inflyatsiya darajasining nazoratda saqlanishi ham milliy valyutada jamg‘arishni rag‘batlantirmoqda. Bu esa aholi va biznes tomonidan valyuta sotuvini oshirmoqda.
Yana bir muhim omil — yaqin Sharqdagi geosiyosiy keskinlik tufayli jahon bozorida oltin narxi o‘sgan. Bu holat so‘nggi kunlarda O‘zbekistonning oltin eksportiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan va valyuta bozoridagi taklifni mustahkamlagan bo‘lishi mumkin.





