
«So‘qoq somsa» va Andijon do‘pisi geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi
18.06.2025 | 17:4038554
O‘zbekistonning yana ikki milliy mahsuloti — Parkent tumanida tayyorlanadigan «So‘qoq somsa» hamda andijoncha do‘ppi rasman geografik ko‘rsatkich maqomini oldi. Bu haqda Intellektual mulk agentligi xabar berdi.
Geografik ko‘rsatkich — mahsulot yoki hunarmandchilik buyumi muayyan hududda ishlab chiqarilayotganini, o‘sha joyga xos sifat va an’analarga egaligini tasdiqlovchi rasmiy belgidir. Mazkur maqom mahsulotni qonunan himoya qilish, uning brendini mustahkamlash va sifatini saqlashga xizmat qiladi.
«So‘qoq somsa» Parkent tumanidagi So‘qoq qishlog‘ida tayyorlanadi va u alohida turdagi xamir hamda faqat shu hududda o‘sadigan mador (tosh ismaloq) o‘simligi bilan tayyorlanishi bilan ajralib turadi. Endilikda mazkur taomning o‘ziga xos xususiyatlari davlat tomonidan himoya qilinadi, deb yozadi (https://t.me/adliyaimd/7108) agentlik.
Shu bilan birga, andijoncha do‘ppi ham geografik ko‘rsatkich maqomini oldi. Bu do‘ppi original shakli, nozik kashtalari va yuqori sifatli matosi bilan tanilgan bo‘lib, u mintaqaning an’anaviy hunarmandchilik san’atini ifodalaydi.
Avvalroq «G‘uzor tandir go‘shti», «Chust pichog‘i», «Samarqand nonlari» va «Tuxum barak» kabi milliy mahsulotlar ham geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. 2023 yilda esa Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida «G‘ijduvon shashligi» shunday maqomni olgani e’lon qilingan.
2022 yilda qabul qilingan «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra, mahsulotning xos xususiyatlari uning geografik kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lsa, u holda belgilangan hududda ishlab chiqarilayotgan mahsulotni ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.
Bunda tovarning kamida bitta ishlab chiqarish bosqichi shu hududda amalga oshirilishi shart hisoblanadi. Geografik ko‘rsatkichdan foydalanish huquqi faqat belgilangan hududda ishlab chiqaruvchilarga beriladi. Ularni xalqaro darajada ham ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin.





