
Sotuvi to‘xtagan AI-80 benzini, Afg‘oniston bo‘yicha O‘zbekiston TIV bayonoti va 60 ming dollar bilan ushlangan shahar hokimi — 2 sentyabr dayjesti
02.09.2025 | 22:00165511
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Endi avtomobillarni bojxonada birovning nomiga o‘tkazish cheklanishi mumkin
Iqtisodiyot va moliya vazirligi jamoatchilik muhokamasiga yangi qonun loyihasini taqdim etdi. Unga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasi bojxona omboriga joylashtirilgan ayrim tovarlarni boshqa shaxsga o‘tkazishni taqiqlash vakolatiga ega bo‘ladi. Hukumat bu huquqni birinchi navbatda yengil avtomobillarga nisbatan qo‘llashni rejalashtirmoqda. Tashabbus 2025 yil 6 may kuni bosh vazirning 1725-sonli topshirig‘i asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, u avtomobillarni boshqa shaxslarga o‘tkazish tartibini cheklovchi mexanizm joriy etishni ko‘zda tutadi.
Hujjatga ko‘ra, maqsad soliq qonunchiligini chetlab o‘tish holatlarining oldini olishdir. Biroq qonun loyihasiga ilova qilingan izohlarda bunday muammolarga oid aniq misollar keltirilmagan. Jamoatchilik fikrida esa turli qarashlar bildirilmoqda. Masalan, fuqaro Jahongir Muhammedov bu tashabbusni «importyorlarga sun’iy to‘siqlar qo‘yish va monopolistlarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lidagi qadam» sifatida baholagan.
O‘zbekiston Afg‘onistonga yordam berishga tayyor
O‘zbekiston minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan dahshatli zilzila munosabati bilan Afg‘oniston xalqiga har tomonlama yordam berishga tayyor. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda keltirilgan.
«Minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga sabab bo‘lgan dahshatli zilzila munosabati bilan Afg‘oniston xalqi va hukumatiga chuqur hamdardligimizni bildiramiz. Halok bo‘lganlarning yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etib, jabrlanganlarning tez orada sog‘ayishlarini tilaymiz. Biz og‘ir kunlarda birodar Afg‘oniston xalqi bilan birdam bo‘lib, ushbu fojiali tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda har tomonlama yordam berishga tayyorligimizni bildiramiz», — deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, Afg‘oniston sharqida, Pokiston bilan chegaradosh hududda 31 sentyabr kuni tunda 6,0 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘lib, 1124 dan ortiq odam halok bo‘ldi,3251 kishi turli darajada jarohat olgan. Shuningdek, 8 mingdan ziyod turar joy vayron bo‘lib, minglab oilalar boshpanasiz qoldi. Eng ko‘p talafot Kunar viloyatida qayd etilgan. Qutqaruv ishlariga vertolyotlar jalb qilingan, lekin ko‘plab yo‘llar yopilgani sababli ayrim hududlarga kirish imkoni yo‘q.
Piskent poligonida avtosinovlar to‘xtatilishi nimani o‘zgartiradi?
Texnik jihatdan tartibga solish agentligi 2 sentyabrdan Piskent sinov majmuasida avtomobillar tekshiruvini to‘xtatishini ma’lum qildi. Rasmiy izohga ko‘ra, qaror distribyutorlik va servis markazlari sonining keskin ortishi hamda aholining rasmiy distribyutorlar orqali ishlash imkoniyati paydo bo‘lgani bilan izohlandi. Agar 2024 yilgacha faqat 3 ta markaz 15 model uchun hujjatga ega bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 21 ta distribyutordan ortiq 100 dan ziyod model uchun sertifikat olingan. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu jarayonni «eski zamonning yovuz simvollari tugashi» sifatida baholadi, biroq jamoatchilik va mutaxassislar ayrim savollar bilan chiqishdi: endi shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan mashinalar qanday tartibda rasmiylashtiriladi?
Agentlik Kun.uz’ga import avtomobillarning sinovi butunlay to‘xtatilishi va bojxona hududida qayta yo‘lga qo‘yilmasligini aytdi. Biroq hozircha rasmiy me’yoriy hujjat e’lon qilinmagani, avtoqismlar tekshiruvi hamda jismoniy va yuridik shaxslar olib kirgan avtomobillarga qanday qo‘llanilishi noaniqligicha qolmoqda. Jamoatchilik faoli Shuxrat Qurbonov va iqtisodchi Bakirov ham shu masalada savollar bilan chiqishdi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yil 1 noyabrdan import avtomobillar bojxona hududida emas, balki Piskent poligonida tekshirila boshlangandi, bu esa uzun navbatlar va ko‘plab noqulayliklarga sabab bo‘lgan edi.
«O‘zbekneftgaz» nihoyat AI-80 benzini sotuvini to‘xtatmoqda
«O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati 2025 yil 2 sentyabrdan boshlab AI-80 rusumli benzinni birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonotida ma’lum qilindi.
Qaror davlat rahbarining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi doirasida qabul qilingan. Mazkur dasturda atrof-muhitni muhofaza qilish va «yashil iqtisodiyot» tamoyillariga asoslangan energetika siyosati yuritilishi belgilangan edi. Shu bois, kompaniya bosqichma-bosqich yuqori oktanli benzinga o‘tish jarayonini boshladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, endi birja savdolariga faqat Ai-92 rusumli benzin chiqariladi.
Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora olishda ayblanmoqda
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, shahar hokimi poyabzal ishlab chiqaruvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari bilan til biriktirib, fuqarodan 60 ming AQSH dollari talab qilgan. Bu mablag‘ evaziga u shahar markazidagi 35 sotix maydonda joylashgan eski turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy qurish huquqini ta’minlashga va’da bergan.
Tezkor tadbir chog‘ida dastlab MCHJ rahbari pulni qabul qilayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Shundan so‘ng hokim ham devonxona mudiri orqali pulni olgan paytda qo‘lga olingani ma’lum qilinmoqda.
Tergov organlari ma’lumotiga ko‘ra, shahar hokimi deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Unga Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida ayblov qo‘yilgan. Shuningdek, MCHJ rahbari va devonxona mudiri ham turli moddalar bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilishi belgilangan.





