
Sovuq qurolni noqonuniy olib yurganlik uchun jazo kuchaytiriladi
09.09.2025 | 20:2012903
Sovuq qurolni g‘ilofsiz yoki sport va xo‘jalik ishlaridan tashqari maqsadlarda olib yurish bir yil ichida takroran sodir etilsa, ma’muriy javobgarlik qo‘llanadi.

O‘zbekistonda sovuq qurolni jamoat joylarida noqonuniy olib yurish holatlari ortib borayotgani jamoat xavfsizligi va huquqiy tartibotga jiddiy tahdid solmoqda. Shu bois deputatlar quyi palata majlisida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilib, birinchi o‘qishda ma’qulladi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, sovuq qurolni takroran olib yurgan shaxslarga nisbatan javobgarlik choralari qat’iylashtiriladi. Sport yoki xo‘jalik ishlaridan tashqari, himoya maqsadida yoki boshqa yo‘sinda qurol olib yurish ham ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Hujjatda oilaviy tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga qurol olish huquqini bermaslik belgilangan. Shuningdek, bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilgan shaxslarda mavjud qurollarni ichki ishlar organlari vaqtincha olib qo‘yishi nazarda tutilmoqda.
Loyihada narkologik kasallikka chalingan shaxslarni davolash tartibi ham yangicha tartibga solinmoqda. Bir marta ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxs sud qarori asosida majburiy davolanishga yuborilishi mumkin.
Deputatlar ta’kidlashicha, qonun loyihasi huquqbuzarliklarning oldini olish, mahallalarda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish, shu bilan birga fuqarolarning hayoti va sog‘ligini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.





