add

Soxta DXX va Prezident administratsiyasi xodimi qo‘lga olindi

07.10.2025 | 14:0042633

Toshkentda o‘zini davlat idoralari xodimi sifatida tanishtirib kelgan erkakning soxta hujjatlari fosh etildi va ozodlikdan mahrum qilindi.

Soxta DXX va Prezident administratsiyasi xodimi qo‘lga olindi
Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 33 yoshli Javohir Orifjonov nomli shaxs yo‘l qoidalarini buzgani uchun yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilganda o‘zini Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimi sifatida tanishtirgan. Bu haqda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lum qildi. YPX inspektorlari hujjatlarni tekshirish jarayonida uning ko‘rsatgan xizmat guvohnomasi qalbaki ekanini aniqlagan. Tekshiruv natijasida Orifjonovning DXXga hech qanday aloqasi yo‘qligi ma’lum bo‘lgan. U o‘zini nafaqat DXX, balki Prezident administratsiyasi va boshqa davlat idoralari xodimi sifatida tanishtirib kelgan. Shu yo‘l bilan turli shaxsiy ishlarni hal etishga uringan va oldindan tayyorlangan soxta guvohnomalardan foydalangan. Hatto u yo‘l-patrul xodimlariga «yuqori lavozimli tanishi» orqali qo‘yib yuborishni iltimos qilgan va telefon orqali so‘zdagi «mansabdor» bilan bog‘lanishga uringan. Ammo tezkor tekshiruv natijasida bu gaplar ham soxta ekani fosh bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, Javohir Orifjonov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 228-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari hamda 3-qismiga muvofiq aybdor deb topilib, 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Jazo manzil-koloniyada o‘taladi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolarni ushbu shaxsning xatti-harakatlaridan jabr ko‘rgan bo‘lsa, yaqindagi Ichki ishlar bo‘limlariga yoki 102 raqamiga murojaat qilishga chaqirdi.

Teglar

Mavzuga oid