
«S&P» O‘zbekiston kredit reytingining kutilmasini «barqaror»dan «ijobiy»ga oshirdi
24.05.2025 | 13:0047834
23 may kuni «S&P Global Ratings» O‘zbekistonning suveren kredit reytingi «BB-» darajasida tasdiqlanib, uning kutilmasi ilk bor «ijobiy»ga ko‘tarildi. Bu mamlakatdagi iqtisodiy barqarorlik va islohotlar samaradorligiga berilgan xalqaro bahoning yorqin tasdig‘idir deya xabar bermoqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi axborot xizmati.

2025 yil 23 may kuni xalqaro «S&P Global Ratings» agentligi tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonning suveren kredit reytingi «BB-» darajasida saqlanib qoldi, biroq uning kutilmasi avvalgi «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tarildi. Bu mamlakat tarixida ushbu reyting bo‘yicha birinchi bor qayd etildi.
«S&P» tomonidan ushbu bahoning asosiy omillari sifatida 2017 yildan buyon olib borilayotgan iqtisodiy liberallashuv, makroiqtisodiy siyosatning takomillashuvi va boshqaruv sifatini yaxshilashga qaratilgan islohotlar alohida ta’kidlangan. Joriy yilning may oyida xalqaro agentlik va O‘zbekistonning iqtisodiy idoralari o‘rtasida onlayn muzokaralar o‘tkazilgan.
Agentlikning hisobotiga ko‘ra, 2025–2028 yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘rtacha o‘sish sur’ati 5,6% atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, 2024 yilda YAIM 6,5% ga o‘sgani va investitsiyalar ulushi 33% ni tashkil etgani qayd etilgan. «O‘zbekiston–2030» strategiyasi doirasida transport, energetika, telekommunikatsiya va qishloq xo‘jaligi sektoriga investitsiyalar jalb qilinmoqda.
2023 yilda boshlangan elektr va gaz tariflari islohoti ham agentlik tomonidan ijobiy baholangan. Bu nafaqat subsidiyalarning qisqarishi, balki byudjet va valyuta zaxiralariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. 2025 yil 1 may holatiga ko‘ra, mamlakatning xalqaro zaxiralari 49,3 mlrd dollarga yetdi — bu 15 oylik importni qoplashga kifoya.
«S&P» O‘zbekiston hukumatining qonunchilikni mustahkamlash, davlat korxonalarini xususiylashtirish va Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishga intilishini, hamda bu omillar orqali xususiy va xorijiy sarmoya uchun qulay muhit yaratilayotganini qayd etdi. Agar islohotlar izchil davom etsa va moliyaviy barqarorlik saqlansa, agentlik kelgusida O‘zbekistonning reyting bahosini oshirish ehtimolini bildirgan.





