
SSV soxta kosmetologlar xavfidan ogohlantiryapti
25.08.2025 | 20:0029714
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni kosmetologik xizmatlarni tanlashda ehtiyotkor bo‘lishga va faqat litsenziyaga ega tibbiy tashkilotlarga murojaat qilishga chaqirdi.

O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarda va ba’zi go‘zallik salonlarida terini piling, yuz massaji, lazerli epilyatsiya, botoks va mezoterapiya kabi muolajalarni taklif qilayotgan e’lonlar ko‘paydi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, xotin-qizlar tomonidan shunday muolajalardan keyin yuzaga kelgan salbiy oqibatlar bo‘yicha murojaatlar soni ortmoqda.
«Yuzdagi nuqsonlarni bartaraf etaman, deb kosmetolog huzuriga borgan, biroq tuzalish o‘rniga kutilmagan muammoni orttirib olgan ayollarning ijtimoiy tarmoqlardagi e’tirozli chiqishlari ham kuzatilyapti», - deydi vazirlik.
Ta’kidlanishicha, tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyaga ega nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatida noxush holatlar uchramagan. Huquq-tartibot idoralariga kelib tushayotgan murojaatlar asosan litsenziya va diplomsiz faoliyat olib borish oqibatida kelib chiqqan asoratlar hamda nojo‘ya ta’sirlarga daxldordir. Sababi, litsenziyasiz ishlash — sertifikatlanmagan mahsulot va tibbiy anjomlarni qo‘llash, fiziologiya hamda anatomiya asoslarini bilmaslikni anglatadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Ulug‘bek Sabirov ta’kidlashicha, litsenziyasiz kosmetologlar tibbiy bilim va anatomiya asoslariga ega emas, shu bois noxush asoratlar ko‘pincha ularning faoliyati natijasida yuzaga keladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiy kosmetologik xizmatlar ko‘rsatish tartibi va talablarini belgilaydigan Nizom va buyruqlarni tasdiqlagan. Shu asosda fuqarolarga faqat litsenziyaga ega davlat va nodavlat tibbiyot muassasalariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Ma’lumot uchun, hozir mamlakatda 147 ta nodavlat tibbiyot tashkiloti tibbiy kosmetologiya ixtisosligi bo‘yicha faoliyat yuritish uchun litsenziya olgan. Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich – Toshkent shahrida, ya’ni 94 ta.
Vazirlik fuqarolarga faqat litsenziyaga ega davlat muassasalari yoki xususiy tibbiy tashkilotlar xizmatidan foydalanishni, litsenziyasiz mutaxassislarga murojaat qilishdan ehtiyot bo‘lishni tavsiya qilmoqda.





