
Starlink interneti O‘zbekistonda ham ishga tushishi kutilmoqda
17.08.2025 | 10:0916033
Qo‘shni Qozog‘istonda allaqachon xizmatlar faoliyatini boshlagan Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti 2026 yildan O‘zbekistonda ishga tushishi rejalashtirilmoqda.

Starlink'ning O‘zbekiston bozoriga chiqishi dastlab 2023 yilga mo‘ljallangan edi. Keyinchalik servis saytida muddat 2025 yil deb ko‘rsatilgan, ammo keyin yana 2026 yilga ko‘chirildi. Rejaga ko‘ra, mamlakatda xizmatlar kelgusi yili yo‘lga qo‘yilishi mumkin.
Starlink tizimi Yerdan taxminan 550 km balandlikda joylashgan sun’iy yo‘ldoshlar orqali ishlaydi. U yuqori tezlik va past kechikish bilan internet uzatish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, chekka hududlarda istiqomat qiluvchi foydalanuvchilar uchun videoqo‘ng‘iroq, onlayn striming va turli raqamli xizmatlardan uzluksiz foydalanish imkoniyatini ochib beradi.
SpaceXning mintaqada xizmatni kengaytirishi raqamli infratuzilmani rivojlantirishda yangi bosqich bo‘lishi mumkin. O‘zbekistonda internet tezligi va qamrovini oshirish borasidagi islohotlar bilan uyg‘un holda, Starlink kelgusida mahalliy raqobatni kuchaytiradi va chekka hududlarda raqamli xizmatlar sifatini sezilarli yaxshilashi kutilmoqda.
SpaceX kompaniyasining past orbital yo‘ldoshlari to‘ri orqali ishlovchi Starlink servisi 13 avgustdan Qozog‘iston aholisi uchun rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu mamlakatning eng chekka hududlarida ham barqaror internetga ulanish imkonini bermoqda. Tariflar ikki turda taklif etilmoqda: Residential Lite oyiga 23 ming tenge (taxminan 43 dollar) bo‘lib, past ustuvorlikka ega; Residential Standart esa 31 ming tenge (taxminan 57,5 dollar) va cheksiz kirish imkoni bilan yuqori ustuvorlikni ta’minlaydi.





