
Starlink’ka raqobatchi: Amazon o‘z sun’iy yo‘ldosh internet tarmog‘ini ishga tushirmoqda
Amazon o‘zining uzoq yillik Project Kuiper sun’iy yo‘ldosh internet tashabbusini yangi nomda — Amazon Leo sifatida qayta ishga tushirdi. Kompaniya 2026 yilgacha Yer atrofidagi past orbitalarga 3000 ta sun’iy yo‘ldoshni joylashtirishni maqsad qilgan.

Amazon Leo nomi LEO — Low Earth Orbit (past Yer orbitasi) tushunchasiga ishora qiladi va loyiha aynan mana shu orbitalarda faoliyat yuritadi. Bu rebrending Amazon’ning internet xizmati yo‘nalishida tijoriy bosqichga o‘tishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.
Loyiha internetga chiqish imkoniyati cheklangan chekka va qishloq hududlariga yuqori tezlikdagi aloqa xizmatini taqdim etishni ko‘zlaydi. Hozirgacha 6 ta kosmik parvoz amalga oshirilib, jami 72 ta sun’iy yo‘ldosh orbitaga chiqarilgan. 2026 yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 3000 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Amazon Leo to‘g‘ridan-to‘g‘ri SpaceX’ning Starlink tarmog‘i bilan raqobatga kirishadi. Biroq hozircha Amazon o‘zining tijoriy internet xizmatini ishga tushirmagan. Ilk foydalanuvchi sinovlari 2025 yil oxirida, ommaviy ishga tushirilishi esa 2026 yilda rejalashtirilgan.
Kompaniya bayonotiga ko‘ra, Amazon Leo nomi orqali brendni sodda, oson tushuniladigan va butun dunyoda tan olinadigan shaklga olib chiqish maqsad qilingan. Bu o‘zgarish texnologiya infratuzilmasi tayyor ekanini hamda foydalanuvchilar uchun yangi bosqich boshlanganini anglatadi.





