add

Sud, bankrotlik va hibsga olish: «Humans» bilan o‘zi nima bo‘lyapti?

Bugun 20:301274 daqiqa

Dam olish kunlari «Humans»ga kartasi ulangan foydalanuvchilarning pullari yechib olingani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik «Humans» ancha avval bankrot deb topilgani ma’lum bo‘ldi. Vaqt.uz mavzu atrofidagi barcha savollarga javob izladi.

Sud, bankrotlik va hibsga olish: «Humans» bilan o‘zi nima bo‘lyapti?

Bugun ertalab ijtimoiy tarmoqlar yoqimsiz xabarlar bilan to‘ldi. 4 va 8-dekabr oralig‘ida «Humans» ilovasiga kartasini ulagan foydalanuvchilarning pullari ularning ruxsatisiz yechib olingani ma’lum bo‘ldi. Kimdandir 1 mln pul yechib olingan bo‘lsa, boshqalar 20-30 mln so‘mgacha pulidan ayrildi. 

Holatdan jabr ko‘rgan yuzlab o‘zbekistonliklar Telegram guruh ochdi va tegishli organlarga birgalikda shikoyat qilish ustida ish olib bormoqda.

Markaziy bank vaziyatga izoh berar ekan, 9-dekabr holatiga ko‘ra, «Humans» mobil ilovasi orqali «Paylov» platformasiga tegishli barcha to‘lov xizmatlari vaqtincha to‘xtatilganini aytdi. 

«Humans» ilovasida pul o‘tkazmalari xizmati «Paylov» savdo belgisi ostida faoliyat yurituvchi «Octagram» AJ orqali amalga oshirilib kelingan.

«Humans» kompaniyasi rasmiy ravishda firibgarlik holatini «Paylov» to‘lov xizmatidagi texnik nosozliklar bilan izohladi.

«Barcha firibgarlik tranzaksiyalari Humans ilovasidan tashqarida, mijozlar ishtirokisiz va OTP kodlarini kiritmasdan amalga oshirilgan», — deyiladi xabarda. 

Kompaniya aytishicha, «Paylov» firibgarlikning birinchi to‘lqinidan so‘ng keyingi kiberhujumlarni oldini olish uchun yetarli choralar ko‘rmagan va ruxsatsiz IP-manzillarini bloklamagan. 

Hodisa ortidan «Humans» ilovasida «Paylov» xizmati orqali P2P o‘tkazmalari vaqtincha to‘xtatilgani, boshqa barcha «Humans» xizmatlari — mobil aloqa, «Humans Market» mahsulotlari bozori, yetkazib berish va boshqa funksiyalar ishlayotgani bildirildi.  

Paylov esa tizimdagi zaifliklar bo‘yicha «Humans» ayblovlarini rad etdi. 

«Firibgarlik operatsiyalari «Humans Companies» tomonidan «Octagram» taqdim etgan shifrlangan kalitlar orqali amalga oshirilgan bo‘lib, ushbu kalitlarning to‘g‘ri va xavfsiz saqlanishi «Humans Companies» mas’uliyati hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

Kun davomida «Humans»ning oktabr oyida bankrot deb topilgani haqida xabarlar ham tarqala boshladi. Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 14-oktabrdagi qarori bilan «Humans» MCHJ bankrot deb topilgan hamda unga nisbatan faoliyatini to‘xtatmagan holda tugatishga doir hal qiluv qarori chiqarilgan. 

Hammasi qayerdan boshlangandi? 

«Humans» O‘zbekistonda katta maqsadlar 2020 yilda kirib kelgandi. Kompaniyaning marketing kompaniyasi va jozibador xizmatlar taklifi sabab ko‘pchilik uni fintex bozorining yangi va yorqin o‘yinchisi sifatida ko‘ra boshladi. 

Biroq, o‘tgan yili hammasi ortga keta boshladi. Markaziy bank 2024 yil oktabr oyida «Humans»ga tegishli «Maroqand» to‘lov tashkiloti («Upay» savdo belgisi) faoliyatini 6 oyga cheklagandi

Bunga sabab qilib to‘lov tashkilotining qimor o‘yinlari uchun to‘lovlar qabul qilinishining oldini olmagani ko‘rsatildi. «Humans» «Maroqand» to‘lov tashkilotini 2022 yilda sotib olgandi. 

O‘sha paytdagi «Humans» bosh direktori Markaziy bank qarorini adolat tamoyillariga zid deb baholadi

Natijada, bir necha oy davomida foydalanuvchilar uchun «Humans» ilovasi faoliyati cheklandi. «Humans» Visa kartasidagi pullar ma’lum muddatga muzlatib qo‘yildi. 

Kompaniyaning moliyaviy ahvoli bu voqea ortidan juda yomonlashdi. 2024 yil 200 mlrd so‘mga yaqin katta zarar bilan yakunlandi. Undan avvalgi yillarda «Humans» qisqa vaqt ichida foydaga chiqib olgandi. 

Bahorda Markaziy bank «Maroqand» to‘lov tashkilotiga nisbatan cheklovlarni bekor qildi. Biroq 6 oy ichida katta miqdorda mijozlar yo‘qotildi va bu kompaniya ta’sir qilishda davom etdi. 

Xalqaro arbitraj sud

«Humans» bu holatga hukumat idoralarini aybdor deb hisobladi. Birinchi bo‘lib Raqobat qo‘mitasidan «O‘zbektelekom»ga qarshi monopol sifatida ish ochish so‘raldi. 

Keyinroq ko‘rilgan zararni qoplash uchun Jahon banki huzuridagi Investitsiya nizolarini hal qilish bo‘yicha xalqaro markazda (ICSID) O‘zbekistonga qarshi da’vo arizasi kiritildi. 

Arbitraj muhokamasiga davlat organlari va kompaniyalari, jumladan, Markaziy bank va «O‘zbektelekom» kompaniyasining xatti-harakatlari sabab bo‘lgan. Shu sabab, Humans bir qator davlat organlarining harakatlari bilan unga yetkazilgan zararni qoplashni talab qilgan.

Da’vo arizasiga Markaziy bank ham, “O‘zbektelekom” ham darhol o‘z munosabatini bildirdi. 

Ma’lum bo‘lishicha, «Humans» 2020 yildan beri shartnoma asosida «O‘zbektelekom» mobil tarmog‘idan foydalanib kelgan va shu paytga qadar 520 mlrd so‘mlik qarzlarni to‘lamagan. 

O‘sha paytda «Humans» katta ehtimol sudda yutqazishi yoki murosaga kirishga majbur bo‘lishi taxmin qilingandi. Sabab — O‘zbekiston xalqaro arbitrajlarda hech qachon yutqazmagan. 

Banklardan qarzdorlik

Iyun oyida «Octobank» ham «Humans»ni shartnoma shartlari buzilishi ortidan 500 mlrd so‘mlik qarzdorlik tufayli sudga bergandi. Sud «Humans»ga «Octobank» oldidagi qarzdorlikni qoplash majburiyatini yuklatgan. 

Biroq sud hujjatlarida keltirilishicha, qarzdordan pul mablag‘larini undirish imkoni bo‘lmagan. Shundan so‘ng 14-oktabrda sud Humans'ni bankrot deb topish bo‘yicha qaror qabul qildi

Bundan tashqari, «Humans»ning «Asia Alliance Bank»dan ham 65 mlrd so‘m qarzi borligi ma’lum bo‘ldi. Bank qarzdorlik sabab sudga da’vo arizasini kiritgan

Shuningdek, «Humans» kompaniyasining «Yandex» oldida 13,3 mln dollar qarzdorligi mavjudligi haqida xabarlar tarqalmoqda. 

Sobiq top-menejerning hibsga olinishi

Iyul oyida «Humans»ga tegishli «Maroqand» to‘lov tashkilotini 6,5 yildan ortiq vaqt davomida boshqargan va «Humans» top-menejeri bo‘lib ishlagan Behzod Botirov hibsga olindi

U Jinoyat kodeksining 278-moddasi 2-qismi «a» va «b» bandlari — «qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish»da ayblangan.

Sud unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llagan. Sentyabr oyida sud «tergovdan yashirish va dalillarni yo‘q qilish xavfi borligi»ni asos qilib, hibsga olish muddatini 2026 yilning fevraligacha uzaytirdi. Tadbirkorga 7 yildan 10 yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Shunday qilib, «Humans» O‘zbekiston fintex bozoridagi istiqbolli o‘yinchidan, muammoli va oxir-oqibat bankrot bo‘lgan kompaniyaga aylandi.

Fozilbek Qambarov tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid