
«Sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» — Buxoro hokimi
12.06.2025 | 21:4610013
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov xususiy bog‘cha ichidagi noqonuniy qurilmalarni sud qarori bo‘lmasdan buzishni, hatto «ichidagi odamlari bilan ko‘mib yuborish»ni talab qilgan videosi tarqalmoqda.

Videoda hokim hujjatsiz faoliyat yuritayotganlarni keskin choralar bilan to‘xtatishni buyurgan.
«Bog‘cha hududiga kirganlarni hammasini huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. [Hujjati] yo‘qlarini hech kimni eshitmasdan buzasan, sud-pud demasdan buzib tashlaysan. Bugunni o‘zida buzib tashlaysan, narsalari bilan, ichidagi odami bilan ko‘mib tashlaysan. Bo‘ldi endi, sud-pud deb hammasini erkalatganimiz», degan Botir Zaripov yonidagi mas’ullarga.
https://t.me/vaqtuz_rasmiy/33908
Tarqalgan kontekstda u orqadan eshik ochganlarga nisbatan ham huquqiy chora ko‘rishni buyurgan. Shundan so‘ng gap ohangidan shahar ichki ishlar bo‘limi boshlig‘iga dag‘dag‘a qilgan.
«O‘rtoq nachalnik, Viloyat hokimi kelyapti, kecha ham men kuzatdim, bemalolroq bo‘lgansizlar butunlay shaharda. Bugun ham bu yerda ahvol haminqadar. Yo menga qonunchilik, tartib, intizom, jinoyatchilikka omil bo‘luvchi holatlarning oldini oling, bo‘lmasa sizni biror tinchroq tumanga jo‘natay. Allaqachon topshiriq berdim. Tushundingizmi? Yoki o‘zgarish qiling», degan hokim o‘z xitobida.
Botir Zaripov masalaga loqaydlik bilan qaraganlarga hayfsan e’lon qilinishini ham aytgan.
Buxoro viloyat hokimining sud qarorisiz noqonuniy qurilmalarni buzish topshirig‘i ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Hozircha ushbu holat yuzasidan Buxoro viloyat hokimligi tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagan.





