add

Sukerberg superintellekt ustida ish boshladi, Meta aksiyalari rekord darajaga yetdi

01.07.2025 | 22:408804

Meta asoschisi Mark Sukerberg inson aql qobiliyatidan yuqori vazifalarni bajara oladigan sun’iy intellekt yaratishni maqsad qilgan yangi bo‘linmani yo‘lga qo‘ydi. Bu xabar ortidan Meta aksiyalari tarixida ilk bor $747,9 darajasiga chiqdi.

Sukerberg superintellekt ustida ish boshladi, Meta aksiyalari rekord darajaga yetdi
Meta kompaniyasida yaratilgan yangi bo‘linma Meta Superintelligence Labs (MSL) deb nomlanib, uni sun’iy intellekt sohasida katta tajribaga ega menejer – Scale AI startapining sobiq rahbari Aleksandr Van boshqaradi. Sukerbergga ko‘ra, superintellekt orzudan real voqelikka aylanmoqda va Meta bu jarayonda yetakchi bo‘ladi. Investorlar bu tashabbusni ijobiy baholagan. Meta aksiyalari 2025 yil boshidan buyon 26 foizga o‘sib, texnologik kompaniyalar orasida eng yaxshi natija qayd etdi. Solishtirish uchun, Nvidia aksiyalari shu davrda 17 foizga oshgan. Yangi loyihaga mutaxassislarni Sukerberg shaxsan tanlamoqda. Taxminan 50 nafar muhandis va olimlar jalb qilinmoqda. Ular orasida OpenAI, Anthropic, Google, DeepMind kabi ilg‘or kompaniyalardan mutaxassislar bor. CNBCʼga ko‘ra, Meta ayrim OpenAI xodimlariga 100 million dollargacha mukofot taklif qilgan. Metaʼning maqsadi – umumiy sun’iy intellekt (AGI) yaratish orqali Instagram va WhatsAppʼdagi reklama xizmatlaridan tortib, aqlli ko‘zoynaklar va AI orqali video yaratishgacha bo‘lgan texnologiyalarni joriy qilishdir. Shu bilan birga, ba’zi tahlilchilar Meta oldidagi yo‘l murakkab bo‘lishini taxmin qilmoqda. Reality Labs bo‘linmasi 2020 yildan beri $60 milliard sarflaganiga qaramay, hozircha Ray-Ban aqlli ko‘zoynaklari va Quest VR garnituralari kabi mahsulotlar bilan cheklangan. Shunga qaramay, UBS tahlilchilari Metaʼning aksiyalarini «sotib olish»ni tavsiya etmoqda. Ularning fikricha, sun’iy intellekt sohasidagi katta sarmoyalar bozor tomonidan inobatga olingan va bu kompaniya uchun uzoq muddatli daromad keltirishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid