
Sun’iy intellekt asosida statistik kuzatuvlar boshlanadi
29.05.2025 | 21:4518863
Janubiy Koreya O‘zbekistonda statistika tizimini raqamlashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida 3,8 million dollarlik qaytarilmaydigan grant ajratdi. Bu mablag‘ hisobidan CATI nomli zamonaviy telefon orqali so‘rov o‘tkazish tizimi joriy etiladi.

Milliy statistika qo‘mitasi Kun.uz nashriga ma’lum qilishicha, mazkur loyiha Koreya Respublikasining Statistics Korea idorasi bilan hamkorlikda 2025–2028 yillarga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida mamlakatda statistika salohiyatini oshirish, raqamli texnologiyalar joriy etish va xalqaro tajribalarni integratsiya qilish maqsad qilingan.
Statistika qo‘mitasi matbuot kotibi Usmon Abdurasulov ma’lumot berishicha, grant to‘rt yo‘nalishda ishlatilishi rejalashtirilgan. Birinchi navbatda xodimlarning malakasini oshirish, xorijiy mutaxassislar ishtirokida seminar va o‘quv kurslari tashkil etiladi. Shuningdek, Koreyada o‘quv dasturlarida qatnashish imkoni ham yaratiladi.
Ikkinchi yo‘nalishda statistik tadqiqotlar institutida zamonaviy o‘quv xonalari tashkil etiladi. Uchinchi yo‘nalish esa CATI tizimini joriy etishni o‘z ichiga oladi. Bu orqali sun’iy intellekt asosida avtomatik telefon qo‘ng‘iroqlari orqali aholidan ma’lumot to‘planadi. Bu jarayon an’anaviy usullarga nisbatan tezkor va arzon hisoblanadi.
To‘rtinchi yo‘nalishda davlat organlari o‘rtasida ma’lumotlar integratsiyasi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda bojxona va soliq organlaridan ma’lumotlar avtomatlashtirilgan tizim orqali olib boriladi. Bu esa tahlil jarayonlarini ishonchli va samarali qiladi.





