add

Sun’iy intellekt dori vositalari bozoriga ham kirib kelmoqda

14.07.2025 | 10:2042023

O‘zbekistonda farmatsevtika, tibbiyot va boshqa muhim sohalarda sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish rejalashtirilmoqda. Hukumat 2025–2026 yillarda ushbu sohada ustuvor loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Sun’iy intellekt dori vositalari bozoriga ham kirib kelmoqda
Qarorga muvofiq, dori vositalarining bozordagi ehtiyojini tahlil qilish va prognozlash imkonini beruvchi maxsus dasturiy ta’minot ishlab chiqiladi. Bu loyiha 2025 yil oktyabrigacha ishlab chiqilib, 2027 yil boshida «Farmatsevtik mahsulotlar xavfsizligi markazi»da sinov tariqasida ishga tushiriladi. Yilning ikkinchi yarmida esa tizimni to‘liq ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, klinik qarorlar qabul qilishni avtomatlashtiruvchi va tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan yangi raqamli yordamchi dastur ham ishlab chiqiladi. 2025 yil sentyabrigacha loyihaning texnik hujjatlari tayyorlanib, 2026 yil oktyabridan Toshkent shahridagi Olmazor tumanidagi markaziy poliklinika va «Shoh saroy» xususiy klinikasida sinov rejimida faoliyat boshlaydi. To‘liq joriy etish 2026 yil dekabriga mo‘ljallangan. Kelgusida ko‘krak qafasidagi patologiyalarni — o‘smalar, yallig‘lanishlar va boshqa o‘zgarishlarni — aniqlash uchun rentgen va KT tasvirlarini tahlil qiluvchi sun’iy intellekt dasturi ishlab chiqilishi ham rejalashtirilgan. Loyihalar nafaqat sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida, balki transport, ekologiya, logistika, sanoat, xizmat ko‘rsatish va jamoat xavfsizligi kabi tarmoqlarda ham sun’iy intellektni joriy etishni nazarda tutadi. Ma’lumki, O‘zbekistonda «Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi» tasdiqlangan. Unga ko‘ra, ushbu sohadagi dasturiy mahsulotlar va xizmatlar hajmini 1,5 milliard dollarga yetkazish, shuningdek, Sun’iy intellektga tayyorgarlik indeksida jahonning yetakchi 50 davlati qatoriga kirish maqsad qilingan.

Teglar

Mavzuga oid