
Sun’iy intellekt loyihalari uchun 100 mln dollar ajratiladi
Prezidentning sun’iy intellekt texnologiyalari loyihalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarori qabul qilindi.

30 oktyabrda «Sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–320-sonli prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» Telegram kanalida ma’lum qilindi.
Mazkur qarordan ko‘zlangan asosiy maqsadi ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarida sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan ustuvor va startap loyihalarni moliyalashtirishni kengaytirishdir.
Qarorga ko‘ra, startap loyihalarni moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 2026–2027 yillarda qo‘shimcha 100 mln AQSH dollari miqdorida mablag‘ ajratiladi. Jumladan, bu mablag‘ning 50 mln dollari davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish uchun tatbiq etiladi.
Shuningdek, qolgan 50 mln dollari esa teng ulushlarda «Fondlar fondi» va «IT Park Ventures» venchur jamg‘armalari ustav kapitaliga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining ulushi sifatida kiritilishi orqali sun’iy intellekt texnologiyalariga asoslangan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatiladi.
Ushbu mablag‘lar «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtirish komissiyasi tomonidan taqsimlanishi belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025 yil oxirigacha «ai.gov.uz» — sun’iy intellekt milliy portali ishga tushirilishi haqida xabar qilgandik.





