
Sun’iy intellekt odamlarning ishini olib qo‘ymoqda: Nobel mukofoti sohibidan ogohlantirish
Nobel mukofoti sohibi Jeffri Hinton sun’iy intellekt 2026 yilga kelib millionlab ish o‘rinlarini almashtirib, global qashshoqlik xavfini kuchaytirishini aytdi.

Sun’iy intellekt texnologiyalari 2026 yilga borib mehnat bozoriga jiddiy zarba berishi mumkin. Bu haqda Nobel mukofoti sohibi, sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi olimlardan biri Jeffri Hinton CNNga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt allaqachon juda yuqori samaradorlikka ega va yaqin yillarda ko‘plab kasblarni to‘liq almashtirish darajasiga yetadi. Xususan, koll-markazlar, texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlari va standart ofis vazifalari eng birinchi navbatda avtomatlashtiriladi.
Hintonning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt modellarining samaradorligi taxminan har yetti oyda ikki baravar oshmoqda. Bu esa dasturlash sohasida keskin o‘zgarishlarga olib kelmoqda: avval soatlab bajariladigan vazifalarni algoritmlar endi bir necha daqiqada amalga oshirayapti.
Olimning fikricha, yaqin bir necha yil ichida sun’iy intellekt mustaqil ravishda katta dasturiy loyihalarni ham bajara oladi. Hozir oylab ish talab qiladigan dasturiy ta’minot ishlab chiqish jarayonlari uchun kelajakda juda kam sonli mutaxassislar kifoya qiladi.
Jeffri Hinton 2023 yilda Google kompaniyasini tark etganidan so‘ng uning xavotiri yanada ortganini tan oldi. Uning aytishicha, sun’iy intellekt nafaqat tahlil qilish va xulosa chiqarish qobiliyatini tez rivojlantiryapti, balki ayrim hollarda maqsadga erishish uchun insonlarni chalg‘itish imkoniyatiga ham ega bo‘la boshlagan.
Shu bilan birga, olim texnologiyaning tibbiyot va iqlim tadqiqotlaridagi ijobiy ta’sirini inkor etmaydi. Ammo u global miqyosda xavflarni kamaytirishga yetarlicha e’tibor berilmayotganini ta’kidlaydi. Kompaniyalar uchun asosiy mezon — iqtisodiy foyda bo‘lib qolmoqda, xavfsizlik esa ko‘p hollarda ikkinchi darajaga surilmoqda.
Hintonning fikricha, zamonaviy iqtisodiy tizimda xodimlarni algoritmlar bilan almashtirish moliyaviy jihatdan foydali hisoblanadi. Bu esa boy qatlamni yanada boyitib, aholining katta qismini daromad manbaisiz qoldirishi mumkin.
Olim sun’iy intellekt ommaviy joriy etiladigan sharoitda ijtimoiy siyosat, qayta tayyorlash dasturlari va daromadlar taqsimoti masalalari hal etilmasa, yangi qashshoqlik to‘lqini yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.


